O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 9 martdagi qarori bilan «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligining Huquqiy Axborot Telegram-kanali.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan:

  • «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YAIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi;
  • avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida avtotransportning bosib o‘tgan masofasi haqidagi ma’lumotlar, jumladan, texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.

«Avtomobil tarixi» ma’lumotlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • avtotransportning agregat ma’lumotlari;
  • bosib o‘tgan masofasi;
  • shartnoma tuzilganligiga oid ma’lumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya);
  • yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi;
  • qoidabuzarliklar holati;
  • garovga qo‘yilganlik holati;
  • taqiq borligi yoki yo‘qligi;
  • bojxona rasmiylashtiruviga oid ma’lumot;
  • litsenziya olinganlik holati (yo‘lovchi tashish uchun).

Davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnoma to‘ldiriladi (DXM, YAIDXP, veb-sayt yoki ilova orqali).

Davlat xizmati uchun BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Ma’lumotlar real vaqt rejimida tayyorlanadi va ariza beruvchiga taqdim etiladi.

Ma’lumotnoma shaxsga doir ma’lumotlar oshkor etilmagan holda beriladi (avtotransport mulkdori tomonidan o‘z «Avtomobil tarixi»ni bilish uchun yo‘llangan so‘rovnomalar bundan mustasno).

Ma’lumotnoma axborot xususiyatiga ega hujjat hisoblanadi.

Ariza beruvchilar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan istalgan avtomobil haqida ma’lumot olishi mumkin.

Dastlab «Avtomobil tarixi» xizmatini 1 yanvardan ishga tushirish hamda xizmat haqini BHMning 20 foizi miqdorida belgilash rejalashtirilgan edi.