Qashqadaryoning G‘uzor tumanida nasos stansiyasi xodimi 10 tup qayrag‘och daraxtini kesgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

G‘uzor tumanidagi «Sho‘rtangazkimyo» MCHJning Tashqi suv ta’minoti «V» ustuni nasos stansiyasi hududida daraxt kqesilayotgani haqidagi xabar Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga yetib kelgan. Boshqarma xodimlari ushbu hududga borganda murojaat o‘z tasdig‘ini topgan.

Aniqlanishicha, nasos stansiyasi xodimi R. E stansiyaning ichki qismidan jami 10 tup har xil diametrdagi, shundan, 6 tup sog‘lom holatdagi va 4 tup sanitar holatini yo‘qotgan va qurigan qayrag‘och daraxtlarini tag qismidan kesib tashlagan.

Holat yuzasidan R. E ga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi va 32 mln 400 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi, deyiladi xabarda.

Mazkur moddaga muvofiq, fuqarolar BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli tartibda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborildi.