O‘zbekiston 2021 yilda bir necha oy davomida Rossiyaga gaz eksportini tikladi. Davlat statistika qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga taqdim etgan ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda.

2020 yilda 300 dollarga 2402 kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2021 yilda 76,6 mln dollarga 627,9 mln kubometr gaz eksport qilingan. Davlat statistika qo‘mitasidan aniqlik kiritilishicha, yetkazib berish faqat to‘rt oy davomida — iyuldan oktabrgacha amalga oshirilgan.

2020 yil iyul oyida Rossiyaga gaz eksporti to‘liq to‘xtatilgani va koronavirus pandemiyasi ta’siri tufayli uning Xitoyga yetkazib berilishi uch baravar kamaygani xabar qilingan edi.

2022 yilning yanvar va fevral oylarida O‘zbekiston Rossiyaga gaz eksport qilmadi. Yil boshida Energetika vazirligi joriy yilda Rossiya bozoriga tabiiy gaz yetkazib berishni rejalashtirmaganini ma’lum qilgan edi.

2018 yilda O‘zbekiston Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasiga 3,8 mlrd kub metr gaz yetkazib bergan bo‘lsa, 2019 yilda yetkazib berish hajmi 4,9 mlrd kub metrga yetdi.

2020 yildan boshlab O‘zbekiston «Gazprom»dan turkman gazini sotib olishni boshladi: o‘sha yili 0,9 mlrd kub metr, 2021 yilning birinchi choragida esa 1,5 mlrd kubometr gaz yetkazib berildi.

2021 yilda O‘zbekiston gaz eksportini 49,8 foizga oshirib, 717,3 mln dollarga yetkazdi. Eksportning asosiy qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2020 yilda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2025 yilgacha gaz eksportini to‘xtatib, uni mamlakat ichida to‘liq qayta ishlash va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishni ma’lum qilgandi.