Bugun, soat 09:00 dan 12:00 ga qadar Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod, Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida kuchli shamol esishi (20 m/s gacha tezlikda) va yog‘ingarchilik qayd etildi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, noqulay ob-havo natijasida viloyatning bir nechta tumanlarida gidrometorologik xavfli jarayonlar yuzaga kelgan. Jumladan:

  • soat 11:03 larda Shahrisabz tumani «Chorshanbi» qo‘rg‘onidagi oziq-ovqat savdo do‘konining tom qoplamasini shamol uchirib yuborgan;
  • soat 11:25 larda Qamashi tumani «A.Navoiy» MFYda joylashgan yelim idishlarni yig‘ish punktining tom qoplamasi kuchli shamolda qulab tushgan. Voqea oqibatida uch nafar fuqaro turli darajada jarohat olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan;
  • soat 11:48 larda kuzatilgan shamol Yakkabog‘ tumani «Uchtepa» MFY «Tosh» qishlog‘idagi uyning, «Navro‘z» MFY «Navro‘z» qishlog‘idagi ikkita xonadonning qo‘shimcha binolaridagi tom qoplamalarini uchirgan;
  • soat 11:50 larda Kitob tumani «Qaynar», «Motmon» va «Qavzixona» qishloqlari hududidagi 4 dona elektr simyog‘ochi hamda «Tepaboshi» MFY hududida 1 ta yashash uyining tom qismi kuchli shamol natijasida qulab tushgan.

Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan vaziyatlarni bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyati FVBning tarkibiy tuzilmalari hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimlarining 169 nafar qutqaruvchisi, avariya-tiklash brigadalari shaxsiy tarkibi va 26 ta maxsus texnika jalb etilgan.

«Respublikamizning qolgan hududlarida, xususan, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar kuzatilmoqda», — deyiladi ma’lumotda.

Bundan avval, 9 mart kuni soat 11:45 da Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani «Otkamar» MFYda noqulay ob-havo sharoiti tufayli 3 fuqaroni yashin urgani xabar berilgan edi. Voqea oqibatida bir fuqaro vafot etgan, ikki nafar fuqaroning biriga tibbiy yordam ko‘rsatilib, ambulator davolanishga ruxsat berilgan. Ikkinchi fuqaroga tuman tibbiyot birlashmasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani aytilgandi.