DXX huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aynlanmasiga chek qo‘ydi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, (1990 y.t.) ikki nafar fuqaro 9,1 kg «opiy» giyohvand moddasini 54 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ular muqaddam tojikistonlik narkokur’er tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Urgut tumaniga o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib qo‘yilgan ushbu giyohvand moddani xaridorga beriishi kerak bo‘lgan. Undan olingan pullarni esa tojikistonlik narkosavdogarga yetkazishi va buning evaziga 2700 dollar olishi reja qilingan.

Toshkent viloyatida kuzatilgan boshqa bir holatda esa O‘zbekistonda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi «Tramadol» dori vositasining Qozog‘istondan olib kelingan katta miqdordagi partiyasi savdosiga chek qo‘yilgan.

Zangiota tumanida yashovchi, (1985 y.t.) fuqaro 19360 dona «Tramadol» dori vositasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, uning yonida qo‘shimcha 40 dona, yashash manzilida esa 20250 dona «Tramadol» tabletkalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, uning tanishi muqaddam sudlangan, (1980 y.t.) fuqaro ham qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davomida olib qo‘yilgan jami 39650 dona «Tramadol» dori vositasining umumiy qiymati 800 mln so‘mni tashkil etadi.

Farg‘ona viloyatida esa Toshloq tumani hududida harakatlanayotgan «VAZ 2102» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shaxrida yashovchi (1975 y.t.) fuqaroning yonida 465 gr «opiy» giyohvand moddasi borligi aniqlangan.

Oltiariq tumani hududida harakatlanayotgan Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi (1968 y.t.) shaxs boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomashina salonida esa 239 gr «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Har ikki holatdagi narkotik moddalar Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan.

Shuningdek, «Vodil-Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan Farg‘ona shahrida yashovchi (1972 y.t.) muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi transport vositasi ham to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada uning yukxonasida 1786 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan va tegishli tartibda olib qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu «Tropikamid» dori vositalarini Qirg‘izistondan olib kelgan, muqaddam sudlangan (1974 y.t.) fuqaro ham ushlangan.

Shu kabi holat Namangan viloyatida qayd etildi. Chust tumanida «Kobalt» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Kosonsoy tumanida yashovchi (1985 y.t.) shaxsga tegishli sellofan paketda 3390 dona «Zardeks» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchi mazkur kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan O‘zbekistonga aylanma yo‘llar orqali o‘tkazgan qo‘shni davlat fuqarosidan qabul qilib olgan va kelgusida ularni sotib, daromad qilishni rejalashtirgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.