9 mart kuni Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 245 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 35 nafar ayol, 20 nafar voyaga yetgaman shaxs va 3 nafar chaqaloq olib kelindi. Bu haqda TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov xabar qildi.

Uning qayd etishicha, 28 fevraldan 10 martga qadar 22 ta aviareys tashkillashtirildi hamda harbiy harakatlar kechayotgan hududlardan 5282 nafar fuqaro qaytarildi.

«Moldova Respublikasi hududida bo‘lgan 94 nafar fuqaro O‘zbekiston diplomatlari hamrohligida Moldova-Ruminiya chegarasini kesib o‘tdi. Ularni maxsus reys bilan Buxarest aeroportidan evakuatsiya qilish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

3 mart kuni TIV Ukrainaning Moldova bilan chegaradosh joylarida yashovchi 200 ga yaqin o‘zbekistonliklar boshpana izlab Moldova hududiga o‘tgani ma’lum qilgan edi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Moldovada bo‘lib turgan vatandoshlar masalalarini muvofiqlashtirish va hal qilish maqsadida ko‘ngillilar guruhini yiqqan.