6−9 mart kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQShda bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu tashrif 2021 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq tashkil etilgan.

Ma’lum qilinishicha, tashqi ishlar vaziri Vashingtonga tashrifi doirasida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazgan. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashilgan. Vazir Abdulaziz Kamilov va davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qildi. «S5+1» shakli (Markaziy Osiyoning beshta davlati va AQSh) doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

AQSh Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, Entoni Blinken Abdulaziz Komilovga O‘zbekistonning AQSh bilan davomiy hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirgan.

«Davlat kotibi Rossiyaning Ukrainaga qasddan, sababsiz va asossiz hujumi xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish ekanligini ta’kidladi», — deyiladi bayonotda.

«Davlat kotibi O‘zbekistonning Ukraina va Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordamini yuqori baholadi va Qo‘shma Shtatlar terrorchilar Afg‘onistondan xavfsiz boshpana sifatida foydalanishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaslik niyatini ta’kidladi», — deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Entoni Blinken, shuningdek, O‘zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirish, jumladan, biznes muhitini yaxshilash, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish borasidagi yutuqlarni olqishladi, deyiladi ma’lumotda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi AQShda bo‘lishi davomida AQSh administratsiyasi vakillari, Kongress a’zolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazgan.

Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi a’zolari bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillariga 2022−2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining asosiy qoidalari, respublikada iqtisodiyotni tubdan isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirilgan. Bundan tashqari, tadbir davomida AQSh kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan. Bundan tashqari, joriy yilning 24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirilgan. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilingan.