2024 yil 1 yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi, shuningdek ular tiuzilmalarida xodimlardagi xotin-qizlar ulushi kamida 30% gacha oshirilishi kerak.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 7 martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, xuddi shu sanaga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosari xotin-qizlar orasidan tayinlanadi. Bunda mazkur talab tegishli tashkilot rahbari xotin-qizlar orasidan tayinlanganda yoki unda faqat bir nafar o‘rinbosar bo‘lgan taqdirda majburiy hisoblanmaydi.

Xotin-qizlarning jamiyat, gender tengligi va oiladagi rolini oshirish bo‘yicha respublika komissiyasiga bir oy muddatda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi organlaridagi faolligini oshirish dasturini tasdiqlash topshirildi. U yuqoridagi talabdan tashqari, davlat boshqaruvi akademiyasida yetakchi ayollarni tayyorlash bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish va bu kurslarda har yili kamida 100 nafar xotin-qizni tayyorlash ko‘zda tutishi kerak.