O‘zbekistonda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar va boshqalar uchun naqd puldan foydalanishni qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Yog‘och, shinalar va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish ham rejada bor.
Andijon viloyatida Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar, jumladan, Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida 218 gektar maydonda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Avvalroq Andijon viloyati va Xitoy investorlari o‘rtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va Turkmanistondan import qilingan elektr hajmi talabni qondirish uchun yetarli bo‘lmagani uchun yakshanba kuni tig‘iz vaqtlarda 400 MVtgacha cheklovlar kiritildi, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Ma’lumotga ko‘ra, bunga elektr uzatish liniyasidagi nosozlik sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligi Buxoroda kuchli shamol tufayli elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi kuzatilgani va bu 10 ta gaz haydash agregati to‘xtashiga olib kelganini ma’lum qildi. Oqibatda magistral gaz quvurlarida bosim pasaygan va barcha metan “zapravka”lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Uzbekistan Airways tarkibiga kiruvchi Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi to‘rtinchi ATR 72−600 samolyotini qabul qilib oldi. U Tuluzadagi ATR zavodidan yo‘lga chiqib, Istanbulda texnik to‘xtashni amalga oshirib, Toshkentga yetib keldi.
Prezident Andijondagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu maqsadlar uchun 850 mlrd so‘m kredit resurslari va 50 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.
Andijon viloyatida Xitoyning Lanzhou Guangtong New Energy Automobile kompaniyasi bilan birgalikda elektrobuslar yig‘ish boshlanadi. Prezidentdan xitoylik hamkorlari elektrobusga nom berishni so‘radi, Mirziyoyev esa uni “Ipak yo‘li” deb nomladi.
Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasi hech qaysi davlatga qarshi qaratilmaganini ma’lum qildi. Avvalroq tarmoqlarda O‘zbekiston Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilishga qaror qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Global ekologik fond Markaziy Osiyoda suv va quruqlik resurslari sohasidagi loyihalar uchun 26 mln dollar ajratdi. Uning 18,6 mln dollari O‘zbekiston ishtirokida zaif ekotizim yerlarni tiklash, Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolaridagi suv resurslarini boshqarish kabilarga yo‘naltiriladi.
MHTI tahliliga ko‘ra, yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxlari pasaydi, to‘liq ta’mirlangan turkumdagi uy-joylarniki esa 0,5 foizga o‘sdi. O‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar ijarasi 395 dollarni tashkil etmoqda.
Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Asakadagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi. U yerda viloyat misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Tannarxni 15 foizga qisqartirish, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratish rejalari ta’kidlandi.
Prezident energetik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi. Jumladan, 1-apreldan gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 mlrd dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarni qayta rasmiylashtirish va boshqalar rejalashtirilgan.
1-aprelgacha provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatini taqdim etish reja qilinmoqda. 2020-yilda bunday monopoliyani bekor qilish maqsad qilingandi, ammo bu haligacha amalga oshmagan. Telekommunikatsiya sektori bo‘yicha mustaqil regulyator 1-sentabrgacha paydo bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga kirib keladigan sovuq havo oqimi piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Saneg neft-gaz kompaniyasi Italiyaning moy va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi CGC Lubricants Italy kompaniyasini sotib oldi. Bitim Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi moylar uchun formulalar, texnologiyalar va Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish sohalarida tajriba almashishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda havoning keskin sovishi janubiy hududlarda yig‘ib olinadigan erta piyoz hosili, shuningdek, karam va sabzilarning hosiliga ta’sir qilishi mumkin, deya ta’kidlamoqda EastFruit ekspertlari. Bundan tashqari, donli mevalar va yong‘oqlar hosilining bir qismi ham xavf ostida qolishi ehtimoli bor.
Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat bilan banklarga iqtisodiy sanksiyalar xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi berilmoqda.
Buxoro viloyatida qurilayotgan 2 ta shamol elektr stansiyasiga 73 turbina o‘rnatib bo‘lindi. Ularning balandligi 100 m, parraklarining har biri 84 metr. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi loyiha doirasida yana 85 ta turbina o‘rnatadi. Energetika vazirligi turbinalarning suratlarini taqdim qildi.
Go‘sht, sut va tuxum yetishtirishni ko‘paytirishga 315 mln dollar ajratiladi, mablag‘ chorva kompleksini tashkil etish, qoramol olish va omuxta-yem chiqarish uchun beriladi. Prezident belaruslik hamkorlar bilan 200 mln dollarlik sut va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Markaziy bank yanvar oyi davomida bitta bankni me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilmagani uchun jarimaga tortdi, 3 ta bankni esa chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting