16-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatidagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshirilishini ma’lum qildi. Davlat rahbari bu haqda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan Xonobod shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda gapirib o‘tdi.

Bu maqsadlarga 850 mlrd so‘m kredit resurslari va 50 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, qurilish, suv ta’minoti, yo‘l, ko‘cha va mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish va bu borada Andijon tajribasini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, prezident Andijon viloyati sanoati yirik korxonalarga bog‘lanib qolganini aytdi.

“Uning 70 foizini Andijon shahri va Asakadagi mashinasozlik korxonalari beryapti. Viloyat eksportining 82 foizini, tayyor mahsulotlarda — 76 foizini to‘qimachilik bermoqda. Samarqand bilan bir xil miqdorda meva-sabzavot yetishtiradigan Andijon 5 barobar kam eksport qiladi. Mehmonxona o‘rinlarini 90 foizi ham bitta Andijon shahrida”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev eskicha ishlash bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini, hokimlar, sektor rahbarlari o‘zgarishi kerakligini qayd etib o‘tdi.