Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish berdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilishga qaror qildi” mazmunidagi xabarlar tarqalgandi.

Ularda “Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda sanksiya ostidagi jismoniy va yuridik shaxslarga respublikada bank operatsiyalarini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalari ostiga 11 mingdan ziyod kompaniyalar va fuqarolar tushgan”, — deyiladi.

Ozodlik radiosi mazkur qonunning qabul qilinishi ayrim xorijiy mamlakatlar fuqarolari, xususan, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin xalqaro sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyaliklarning O‘zbekiston banklarida hisob raqamlarini ochishiga huquqiy to‘siqlar yaratishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Rossiyaning “Vedomosti” nashri bu rossiyaliklarga qanday ta’sir qilishi haqida ekspert fikrlarini to‘pladi. “Aronov i partnyori” kompaniyasining advokati va boshqaruvchisi Aleksandr Aronovning fikricha, Toshkent tomonidan ehtimoliy taqiq qo‘yilishi rossiyaliklar hisoblarining ommaviy ravishda yopilishiga olib kelmaydi. Ammo sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslarga oid qonun loyihasi ishlab chiqilishi kutilgan yangilik bo‘lgan.

“So‘nggi paytlarda [Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi] […] barcha to‘lovlar qiyinchilik bilan amalga oshirilmoqda. Ularni amalga oshirish deyarli imkonsiz. Bu joriy qilingan sanksiyalar va ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishi bilan bog‘liq xavotirlarga aloqador”, — deydi Aronov.

Bu ma’lumotni KIAP advokatlik byurosining ki “Sanksion huquq va komplayens” amaliyoti boshlig‘i Denis Primakov ham tasdiqlagan. Uning “Vedomosti” nashriga aytishicha, O‘zbekistondagi banklar sanksiya ostidagi shaxslar bilan operatsiyalarni allaqachon amalga oshirmay qo‘ygan.

Qonunchilik palatasi ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati noto‘g‘ri va haqiqatga mos kelmaydigan tarzda talqin qilinayotganini ta’kidladi.

“Ushbu qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilgan emasligini qayd etish lozim. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida loyihada ko‘zda tutilgan tartib mavjud bo‘lib, uning maqsadi milliy moliya tashkilotlarining o‘zlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, — deyiladi qo‘mita axborotida.

Ma’lumot o‘rnida, yuqoridagi xabarlarda nazarda tutilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 13-fevraldagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilingan.

“Bugungi kunda turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari tomonidan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda hozirgi zamon voqeligiga aylandi. Biroq O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida ikkilamchi iqtisodiy sanksiyalarning qo‘llanishi bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslari mavjud emas. Bunday sharoitda ushbu xatarlarni har bir kredit va to‘lov tashkiloti o‘zining ehtiyoj va qarashlaridan kelib chiqib belgilamoqda, o‘zi ma’qul ko‘rgan daraja va ko‘lamlarda mijozlarga cheklovlar qo‘ymoqda. Bunday holatlar bank hisobvaraqlari ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlariga nisbatan subyektiv yondashuvlarga hamda mijozlarning qonuniy huquqlarining buzilishiga olib kelmoqda”, — deya tushuntirgan qo‘mita.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlarining iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishiga oid yagona talablarni belgilash vakolatini O‘zbekiston Markaziy bankiga berish nazarda tutilmoqda.

“Bu bank sohasida davlat siyosati samaradorligini oshirishga, kredit va to‘lov tashkilotlarining mijozlar bilan ishlashda yaxlit, yagona yondashuv mexanizmini yaratishga, shuningdek, aholi va xalqaro moliya institutlarining mamlakatimiz bank tizimi faoliyatiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deyiladi axborotda.

Avvalroq “Gazeta.uz” mazkur qonun loyihasida nimalar nazarda tutilayotgani bo‘yicha ma’lumot bergandi. Hujjat bilan banklarga mijozlar uchun hisobvaraqlar ochish hamda ular orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, hisobvaraqlar ochishni va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilar mijoz bilan ish munosabatiga kirishishi yoki u bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda mazkur mijoz bilan operatsiyani amalga oshirishni rad etishga haqli ekani belgilanmoqda.

Bunda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfini aniqlash va baholash qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bundan tashqari, nobank kredit tashkilotlari mijoz bilan ish munosabatiga kirishishi yoki u bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida nobank kredit tashkilotlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur mijoz bilan operatsiyani amalga oshirishni rad etishga haqli ekani ham ko‘rsatilmoqda.

Nobank kredit tashkilotlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfini aniqlash va baholash ham qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan.

Mazkur qonunga ehtiyoj bugungi kundagi geosiyosiy sharoitda qo‘llanilayotgan iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarning kuchayib borayotgani O‘zbekiston bank tizimida sanksiyaviy komplayens tizimini tashkil etish va uning samaradorligini doimiy ravishda oshirib borishni, shuningdek, kredit va to‘lov tashkilotlarining sanksiyaviy komplayens faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimining huquqiy asosini yaratishni taqozo etayotgani bilan asoslangan.

Sanksiyaviy xatarlarni boshqarishga doir talablarni belgilash uchun huquqiy asoslarning yaratilishi kredit va to‘lov tashkilotlarining sanksiyaviy komplayens tizimidagi kamchiliklarini aniqlash va ular bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berish va ta’sirchan choralar ko‘rish mexanizmini shakllantirish imkonini beradi.

Shuningdek, tijorat banklarining mijozlarga hisobvaraqlar ochish hamda mijozlar operatsiyalarini sanksiyaviy komplayens tizimi doirasida amalga oshirish bo‘yicha vakolatlari belgilanishi sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni o‘z vaqtida baholash, aniqlash va samarali boshqarish yuzasidan zarur choralar ko‘rishga xizmat qilishi ta’kidlangandi.