O‘zbekistonda tarmoqdagi taqchillik tufayli elektr energiyasi yetkazib berishda cheklovlar joriy etilmoqda, deya xabar berdi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev.

Yakshanba kuni (18-fevral) barcha elektr stansiyalarida 231,4 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 40,3 million kub metr tabiiy gaz, 26,3 ming tonna ko‘mir va 10,7 ming tonna mazut yoqildi.

Shuningdek, Turkmanistondan 21,6 million kVt/soat elektr energiyasi import qilindi.

“Shunga qaramay, kecha elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha defitsit 6,4 mln kVt·soatni tashkil etib, mamlakatimiz bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtida 400 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi”, — dedi u.

Respublika bo‘yicha iste’molchilarga 225,6 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Gaz iste’moli 151,6 million kub metrni tashkil etdi, deb ta’kidladi Energetika vazirligi.

Vazirlik matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritishicha, abonentlarga buning ta’sirini kamaytirish maqsadida, avvalo, iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatmayotgan korxonalar tarmoqdan uzilmoqda. Biroq cheklovlar 50 ming abonentga tegishli.

Vazirlik, shuningdek, Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi oqibatida “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtaganini ma’lum qildi. Oqibatda barcha yonilg‘i quyish shoxobchalari vaqtincha yopilgan. Ta’mirlash ishlari tez orada yakunlanishi rejalashtirilgan.

Noyabr oyi oxirida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari taqchilligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. O‘shanda mazutdan elektr ishlab chiqarish, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkazish, AGTKSHlarga gaz yetkazib berishni qisqartirish rejalar sirasiga kiritilgandi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan import qiluvchi davlatga aylanib qolganini o‘rgangandi.