Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonda energetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini taqdimot qildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 13-fevral kuni beshta asosiy yo‘nalish — transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishgandi.

“Gazeta.uz” tomonidan o‘rganilgan taqdimotda ta’kidlanishicha, asosiy elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 5 milliard dollar, gaz tashish tizimiga 2,5 milliard dollar, taqsimlash tizimiga esa 3−4 milliard dollar investitsiya kerak.

Investitsiyalarni jalb etish, investorlarga qulaylik yaratish va ishonchini mustahkamlash bo‘yicha to‘rtta yo‘nalishda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Birinchisi — qonunchilikni takomillashtirish. 1-iyulga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash va sotish, shuningdek, energiya bozori regulyatorini yaratishga xususiy kapitalni jalb qilish mexanizmini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi (hozirgisi 2009-yilda qabul qilingan) “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish rejalashtirilgan. 1-aprelga qadar gaz va elektr energiyasi uchun tariflarni hisoblashning yangi metodologiyasi tasdiqlanishi, 1-mayga qadar esa gaz bozorini isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerak.

Energiya regulyatorining normativ-huquqiy bazasini yaratish uchun 1-aprelga qadar bozor ishtirokchilarini litsenziyalash tartibini, 1-iyulga qadar magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash rejalashtirilgan.

1-noyabrga qadar “Raqobatbardosh energiya bozorini tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Ikkinchi yo‘nalish — bozor islohotlarini amalga oshirish. 1-iyulga qadar davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida “O‘zenergosotish"ning 49 milliard dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha 38 ta shartnomani qayta rasmiylashtirish rejalashtirilgan. Gap, katta ehtimol, davlat 25 yil davomida (va boshqa muddatlarda) elektr energiyasini sotib olishni kafolatlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan muqobil energetika sohasidagi DXSH loyihalari haqida ketmoqda.

1-apreldan aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflarini “isloh qilish” va ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilgan. Noyabr oyida aholining ehtiyojmand qismiga bir martalik yordam to‘lanishi kutilmoqda. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz boshida O‘zbekiston aholisi uchun elektr energiyasi va gaz narxini 2024-yil 1-maydan oshirish rejalashtirilayotganini aytgandi. Shu bilan birga, ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Lekin avval uzluksiz elektr yetkazib berishni ta’minlash kerak, degandi u.

1-mayga qadar gazni ishlab chiqarishdan tortib iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda hisoblagichlar o‘rnatishni yakunlash kerak. Ishlar 1-oktabrgacha, soliq organlari tizimi bilan integratsiyalash esa 1-noyabrgacha yakunlanishi kerak edi.

1-oktabrga qadar kamida beshta tumanda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish funksiyasini xususiy operatorga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchinchi yo‘nalish — investitsiyalarni jalb qilish. 1-aprelga qadar 2030-yilgacha elektr energetikasi sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kutilmoqda (hozirda bir nechta variant mavjud).

Jahon banki bilan birgalikda 1-maygacha DXSH doirasida qurilayotgan quyosh elektr stansiyalarini yagona elektr tarmog‘iga ulash uchun infratuzilmani ta’minlash dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

1-iyungacha Samarqand shahrida DXSH doirasida elektr energiyasini taqsimlash va sotish bo‘yicha investorlarni jalb qilish bo‘yicha tender o‘tkaziladi. Loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

1-aprelga qadar “O‘zbekneftgaz"ning 85 ta gaz konida gaz qazib olishni barqarorlashtirish dasturini amalga oshirish va kompaniyaning tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, 2023-yilda O‘zbekistonga 350 million dollarlik neft, 118 million dollarlik dizel, 78 million dollarlik mazut va 99 million dollarlik boshqa yoqilg‘i mahsulotlari import qilingan.

1-iyunga qadar “O‘ztransgaz” gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish dasturi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalish — davlat korxonalarini transformatsiya qilish. 1-aprelga qadar barcha energetika korxonalarining tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. “O‘zbekneftgaz” raisining birinchi o‘rinbosari va bosh geolog lavozimlariga xorijlik mutaxassislar jalb etilishi kutilmoqda.

1-maygacha davlat korxonalarida korporativ xaridlar, budjetlashtirish va investitsiyalarni rejalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi kerak.

Jahon bankining iCRAFT dasturi doirasida quyidagilar uchun 45 million dollar ajratish rejalashtirilgan:

  • energetika sohasida islohotlar — 20 million dollar;
  • energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish — 5 million dollar;
  • aholining muhtoj qismini enegriya ta’minoti bilan ta’minlash — 5 million dollar;
  • MRV monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimi — 6 million dollar.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qilgan.