Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatidagi Andijon sanoat xabiga tashrifi chog‘ida elektrobuslarni yig‘ish loyihasi bilan tanishdi.

Loyiha Xitoyning Lanzhou Guangtong New Energy Automobile kompaniyasi bilan birgalikda ishga tushiriladi. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yanvar oyi boshida mazkur kompaniya bilan 100 million dollarlik memorandum imzolagandi. Zavodning loyiha quvvati yiliga 2000 ta elektrobus ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Xitoy tomoni prezidentdan loyiha nomini va “Andijondan Yevropaga eksport qilishni boshlash” uchun chiqariladigan elektrobusga nom berishni so‘radi.

“Buning nomini „Ipak yo‘li“ avtobuslari deb nomlaymiz. Agar bu nomni qo‘ysak, butun regionimizga ham ma’qul bo‘ladi. Andijonda bunday katta loyihaga kelishyapmiz, [uning] natijasi bo‘ladi. Si Szinpin janoblari bilan tariximiz va bugungi kunimiz to‘g‘risida katta film qilishga kelishganmiz. Shu filmning ichiga „Ipak yo‘li“ loyihasini ham kiritamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

100 million dollarlik loyiha doirasida xuddi shu kompaniya bilan elektroskuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

андижон viloyati, шавкат мирзиёев, elektrobuslar

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Dongfeng Special Car Company kompaniyasi ham Farg‘ona viloyatida elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqchi. Loyihaning qiymati 100 million dollarga baholanmoqda. Viloyatda fotoelektrostansiyalar va boshqa sanoat korxonalarini qurish rejalashtirilgan.

Avvalroq prezident BYD kompaniyasining O‘zbekistonda elektrobuslar yig‘ishni boshlash rejasini ham qo‘llab-quvvatlagandi. Ushbu korxona Toshkent shahrida joylashishi kutilmoqda.