O‘zbekistonda telekommunikatsiyalar sektorida mustaqil regulyator tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu 13-fevral kuni O‘zbekiston prezidentiga taqdim etilgan, 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlarga bag‘ishlangan taqdimotda nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, islohotlar beshta asosiy yo‘nalish — transport, urbanizatsiya va uy-joy qurilishi, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va energetikani qamrab oladi.

“Gazeta.uz” tomonidan o‘rganilgan taqdimotda ta’kidlanishicha, so‘nggi 10 yilda telekommunikatsiya sohasida xizmatlar hajmi 6,5 barobar, mobil internet qamrovi 98 foizga oshgan.

Yil oxiriga qadar 1 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilish va raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 3 foizdan 6 foizga oshirish rejalashtirilgan.

1-iyulga qadar amaldagi “Aloqa to‘g‘risida”gi qonunni o‘z ichiga oladigan yangi tahrirdagi (hozirgi 1999-yilda qabul qilingan) “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Oliy Majlisga kiritish rejalashtirilmoqda.

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida mazkur o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad sohani liberallashtirish va xususiy sektor uchun bozorga keng yo‘l ochish ekanini ta’kidladi.

1-aprelga qadar provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatini taqdim etish rejalashtirilgan. Telekommunikatsiya sektori bo‘yicha mustaqil regulyator 1-sentabrgacha tashkil etilishi kerak.

1-mayga qadar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini tahlil qilish uchun vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalariga to‘siqsiz ulanish rejalashtirilgan.

Xalqaro internet tarmog‘idagi monopoliya

Bugungi kunda mamlakatdagi deyarli barcha provayderlar “O‘zbektelekom” AK xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali internet tarmog‘iga ulangan. 2018-yilda 2019−2021-yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, unda 2020-yil 1-yanvardan tashqi internet tarmog‘ida monopoliyaga barham berish ko‘zda tutilgan.

2019-yil avgust oyida tadbirkorlar mutasaddilar bilan uchrashuvda O‘zbekistonda startaplar rivojlanishidagi muammolardan biri sifatida tashqi internet tarmog‘idagi monopoliyani tilga olgandi. Jahon banki tahlilchilari ushbu sohadagi monopoliya tezlikni oshirish va narxlarni pasaytirishga imkon bermayotgani, bu esa raqamli iqtisodiyotni yaratish sa’y-harakatlarini orqaga surayotganini ta’kidlagan.

Internetga ulanish xizmati (ulgurji darajada) hozircha “O‘zbektelekom”da qolmoqda.