Andijon viloyati Andijon tumanida “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Maqsad — Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar, jumladan, Xitoy bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish. Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni bu haqdagi qarorni imzoladi.

EIZ 218,18 gektar maydonda tashkil etiladi, shundan 201,23 gektari — sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi. Shu sababli 2025-yilgacha yangi yerlarni sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazgan holda ikki barobar hajmda o‘zlashtirish topshirildi.

EIZ faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • tashqi bozorlarda talab qilinadigan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
  • mahalliy xomashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, “Ipak yo‘li” EIZ ishtirokchilari o‘rtasida va respublikaning boshqa hududlari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori darajadagi sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish;
  • hududning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliy aholi uchun doimiy ish o‘rinlari yaratish.

EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi. Ishtirokchilar alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalarga ega bo‘ladi.

Investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari onlayn auksionlar orqali beriladi. Infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini auksiondan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Andijon viloyati hokimligiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Ipak yo‘li” EIZning hududlari bosh rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi. Bosh rejani ishlab chiqish bo‘yicha pudratchi tanlov (tender) natijalariga ko‘ra tanlanadi.

2025-yil oxirigacha erkin iqtisodiy zona hududiga 3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Prezident 16-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimligi tomonidan Xitoy investorlari bilan ushbu mablag‘ga 30 dan ortiq shartnoma imzolangani, shu yilning o‘zida mablag‘ning 1 milliard dollarini o‘zlashtirish mumkinligini ma’lum qilgandi.

EIZ hududida energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalar amalga oshiriladi.

16 ming yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 20,1 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, 580,7 million dollarlik qo‘shimcha eksport va davlat budjetiga 1,2 trillion so‘m soliq tushumlarini ta’minlash rejalashtirilgan.