Markaziy bank yanvar oyida o‘tkazilgan Bank nazorati qo‘mitasi yig‘ilishlarida 1 ta bankni jarimaga tortdi va 3 ta bankni ogohlantirdi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

Qo‘mita mazkur oyda jami 9 ta yig‘ilish o‘tkazib, 30 ta masalani ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilgan. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 20 ta masala, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (2 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (11 ta) kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha (10 ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati va ular tomonidan Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.

Xususan, amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani sababli 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan, shuningdek, 3 ta bank va 2 ta lombard chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan o‘zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.