O‘zbekistonda naqd puldan foydalanishni qisqartirish va bir qator tovarlar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 13-fevral kuni prezidentga taqdim etilgan taqdimotda so‘z boradi. “Gazeta.uz” u bilan tanishib chiqdi.

Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida “Elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

1-apreldan boshlab quyidagi tashkilotlarni elektron to‘lov tizimlariga majburiy tartibda ulash orqali naqdsiz to‘lov-tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda:

  • aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari;
  • neft va gaz mahsulotlari realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar;
  • mulkni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;
  • uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotuvchi qurilish tashkilotlari. Xonadonlar uchun to‘lovlarni naqdsiz shaklda elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda chakana va ulgurji savdoning yangi qoidalarini tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

1-apreldan boshlab naqd pulga sotib olingan tovarlarni Soliq qo‘mitasining E-Ombor (E-Aktiv) tizimi orqali kirim qilishni joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun 100 million so‘m (BHMning 300 baravari) chegaraviy miqdorni belgilash rejalashtirilgan.

Qurilish uchun yog‘och, metall (tunuka, armatura, alyumin profillar), avtomobil shinalari va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

2023-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgandi. Gap ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash haqida bormoqda, degandi u.

Yil boshida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotdan davlat budjetiga 30 trillion so‘m, yalpi ichki mahsulotga 135 trillion so‘m zarar yetkazilganini aytgan edi. Deyarli 11 mingta korxona (41 foiz) hisobotlarida faqat 1 kishini ishchi sifatida ko‘rsatgan.

1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi, bu esa to‘g‘ri faoliyat yuritayotgan korxonalarni rag‘batlantiradi va ularni “soyadan” chiqishga undaydi.