O‘zbekistonning Saneg neft-gaz kompaniyasi Italiyaning avtomobil va sanoat moylari hamda moylash materiallari ishlab chiqaruvchi CGC Lubricants Italy kompaniyasini sotib olganini e’lon qildi.

Bundan tashqari, CGC Lubricants Italy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik moylar ishlab chiqaruvchi SEG Motol (Saneg kompaniyasining shu’ba korxonasi) bilan strategik hamkorlik shartnomasi tuzdi.

CGC Lubricants Italy Bari shahridagi 19 nafar mutaxassis ishlaydigan ishlab chiqarish zavod bo‘lib, Rimda ham 11 nafar xodimga ega tijorat idorasi mavjud.

Bitim natijasida CGC Lubricants Italy nomi Saneg Oil Italy deb o‘zgartirildi.

“Ikki kompaniya birgalikda Saneg`ning Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytiribgina qolmay, uning O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi moylash materiallari sanoatida texnologik yetakchi sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi”, — dedi Saneg boshqaruvi raisi Baxtiyor Fazilov.

“Kompaniyaning Bari zavodida akkreditatsiyadan o‘tgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mavjud bo‘lib, u yerda doimiy ravishda innovatsiyalar kiritilib, keng turdagi yangi moylash materiallari ishlab chiqilmoqda. Bu tajriba Saneg`ning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida qo‘llanadi. Saneg Oil Italy kompaniyasining ilg‘or texnologiya va nou-xaulari O‘zbekistonda moylash materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradi”, — dedi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.

Saneg Italiya, Fransiya, Ispaniya va Portugaliyadagi 26 ming tonnagacha mahsulot yetkazib beriladigan keng qamrovli distribyutorlik tarmog‘iga kirish huquqi tufayli Italiya va Yevropa moylash materiallari bozorida muhim ulushga ega bo‘ladi, deb ta’kidlanadi xabarda. O‘z navbatida, CGC Lubricants Italy “O‘zbekiston va tashqi bozorni uzluksiz ta’minlash orqali” FNQIZ uchun yuqori texnologik mahsulotlarning strategik yetkazib beruvchisi bo‘lib xizmat qiladi.

Shartnomaning asosiy parametrlari tarkibiga formulalar va texnologiyalar sohasida tajriba almashish, shuningdek, FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan bazaviy moylar uchun Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Saneg 2022-yilda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini davlatdan 100 million dollarga sotib olgan edi. Kompaniya, shuningdek, FNQIZni 380 million dollarga modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va boshqa majburiyatlarni ham olgan.