O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga kirib keladigan sovuq havo oqimi piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

Avvalroq Gidrometeorologiya xizmati agentligi 16-fevral kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17−19-fevral kunlari respublikaning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng EastFruit ekspertlari havo sovib ketishi mart oyida ushbu mamlakatlarning janubiy hududlarida yig‘ib olinadigan erta piyoz hosiliga, shuningdek, karam va sabzi kabi boshqa erta sabzavotlarning hosiliga tahdid solishi haqida fikr bildirgandi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida “mamlakatda hali havo sovimay turib, ayrim tahlilchi-blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari mazkur sovuq to‘lqinning piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi haqida asoslanmagan xabar tarqatayotgani” aytiladi.

“Mamlakatimiz hududida kutilayotgan sovuqning agrar sohadagi barcha tarmoqlarga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida zarur-chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuni ham alohida aytib o‘tish kerakki, piyozning 2023-yil hosilidan aholi iste’moli uchun yetarlicha zaxira tayyorlangan va ular omborlarda mo‘’tadil havo haroratida saqlanmoqda. Buning isbotini esa bozorlarimizda anchadan buyon 1 kg piyoz (hududlardan kelib chiqqan holda) 2500 so‘mdan 3500 so‘mgacha bo‘lgan turg‘un narxlarda sotilayotganidan ham bilish mumkin”, — deya qayd etgan vazirlik.

2024-yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida tayyorlanayotgan piyoz va sarimsoq piyozlarga esa bu sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmasligi aytilgan.

“Avgust-sentabr va noyabr-dekabr oylarida ekilgan piyoz 2−3 marta sug‘orilgan va 25−30 sm o‘sib qishlashga kirgan, Ularning ildiz sistemasi yaxshi rivojlanganligi sababli sovuq o‘z ta’sirini ko‘rsatish ehtimoli juda past darajada bo‘ladi. Bundan tashqari to‘qsonbosti ekinlari o‘z nomi bilan qishning to‘qson kunida qor bosib turishini inobatga olgan holda shunday nomlangan”, — deyiladi bayonotda.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2024-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarda avgust-sentabr oylarida 64 ming gektar, noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida 82,8 ming gektar maydonda piyoz ekinlari ekilgan. To‘qsonbosti usulidagi piyoz va boshqa ekinlarni ekish, zarur agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish hamda sovuqdan asrab qolish bo‘yicha olimlarning ilmiy tavsiyalari ishlab chiqilib, joylarga yetkazilgan.

“Xulosa sifatida aytish mumkinki, piyoz narxi oshishi haqida tarqatilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya ta’kidlagan vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga sovuq havo oqimlari kirib kelishi tufayli ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrash va sovuq kunlardan betalafot o‘tish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar bergandi.