Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning yanvar oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qildi. Poytaxtda yanvar oyida o‘rtacha ta’mirlanagan 1 xonali xonadonning ijara narxi 395 dollarni tashkil etdi.

Infografika: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiInfografika: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

2024-yil yanvar oyida 2023-yil dekabr oyiga nisbatan Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar ijara narxlarida o‘rtacha 0,2 foizlik tushish, to‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijara narxlarida esa 0,5 fozlik o‘sish kuzatildi.

O‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari 2023-yilning dekabr oyiga nisbatan o‘rtacha 1,2 foizga pasayib, 395 dollarni, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari esa 0,2 foizga arzonlab, 442 dollarni tashkil etgan, lekin bu turdagi 3 xonali uylarning ijara narxlari 0,1 foizga (516 dollar), 4 xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari esa 0,4 foizga (597 dollar) oshgan.

2023-yil noyabr oyidan buyon 2024-yil yanvar oyigacha o‘rtacha ta’mirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari mos ravishda 1,5 foiz (401 dollardan 395 dollargacha) va 2,2 foizga (452 dollardan 442 dollarga) tushdi.

Yanvar oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 0.16 foizga qimmatlab 477 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2 xonali uylar uchun 0.2 foizga (654 dollar), 3 xonali uylar uchun 1 foiz (791 dollar) hamda 4 xonali uylar uchun 0.6 foizga oshgan (915 dollar).

Ma’lumot o‘rnida, ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida to‘plangan. Bunda 2023-yil dekabr oyi uchun 41,4 ming va 2024-yil yanvar oyi uchun 52,3 mingta ma’lumotdan foydalanilgan. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastgi 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlangandan keyin amalga oshirilgan.