O‘zbekistonda go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 315 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu haqda 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Bu mablag‘ chorva kompleksini tashkil qilish, qoramol olish, omuxta-yem chiqarish uchun milliy valyutada 17 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga beriladi.

Chorvachilik xo‘jaliklarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. Agar kredit stavkasi 18 foizdan oshsa, foizlarning oshirilgan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov, Xalq banki boshqaruvi raisi Shuhrat Otaboyev, “Mikrokreditbank” rahbari Orif Bo‘tayev va “Turonbank” rahbari Chori Mirzayevga bir oy muddatda ushbu mablag‘ manbalarini aniqlash va imtiyozli kreditlar ajratish shartlarini ishlab chiqish topshirildi.

Chorvachilik va parrandachilik sohasida umumiy qiymati 5 trillion so‘mlik yangi 1000 ta loyihani ishga tushirish bo‘yicha veterinariya qo‘mitasi, “Mikrokreditbank” va Xalq banki rahbarlari mas’ul etib belgilandi.

Jamshid Xodjayev, Bahrom Norqobilov va Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev belaruslik hamkorlar bilan birgalikda parrandachilik, sut va omuxta-yem ishlab chiqarish bo‘yicha ikki oy muddatda qiymati 200 million dollarlik loyihalar bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.

2024-yilda baliqchilik sohasi rahbarlari oldiga mahsulot ishlab chiqarishni 1 million tonnaga yetkazish, 50 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari daryolar qirg‘oqlarida kamida 500 ta suv ombori tashkil etish, kooperatsiya asosida baliq ovlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida baliq yetishtirish uchun garovsiz kredit miqdorini 100 million so‘mgacha oshirish taklif etildi.

2023-yilda O‘zbekistonda 2,83 million tonna go‘sht (2022-yilga kelib +3,9 foiz), 11,97 million tonna sut (+2,9 foiz) va 8,49 million dona tuxum (+4,4 foiz) ishlab chiqarilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda go‘sht 9,3 foizga, sut 13,3 foizga, tuxum 11,7 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, ushbu mahsulotlar importi keskin o‘sgan: sut mahsulotlari va tuxum 211,5 million dollarga (+31,7 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari 348,4 million dollarga (+9,1 foiz) olib kelingan.