Qonunchilik palatasi 13-fevral kuni iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat bilan banklarga mijozlar uchun hisobvaraqlar ochish hamda ular orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, hisobvaraqlar ochishni va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilar mijoz bilan ish munosabatiga kirishishi yoki u bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda mazkur mijoz bilan operatsiyani amalga oshirishni rad etishga haqli ekani belgilanmoqda.

Bunda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfini aniqlash va baholash qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bundan tashqari, nobank kredit tashkilotlari mijoz bilan ish munosabatiga kirishishi yoki u bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan operatsiya oqibatida nobank kredit tashkilotlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur mijoz bilan operatsiyani amalga oshirishni rad etishga haqli ekani ham ko‘rsatilmoqda.

Nobank kredit tashkilotlariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanish xavfini aniqlash va baholash ham qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan.

Mazkur qonunga ehtiyoj bugungi kundagi geosiyosiy sharoitda qo‘llanilayotgan iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarning kuchayib borayotgani O‘zbekiston bank tizimida sanksiyaviy komplayens tizimini tashkil etish va uning samaradorligini doimiy ravishda oshirib borishni, shuningdek, kredit va to‘lov tashkilotlarining sanksiyaviy komplayens faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimining huquqiy asosini yaratishni taqozo etayotgani bilan asoslangan.

Sanksiyaviy xatarlarni boshqarishga doir talablarni belgilash uchun huquqiy asoslarning yaratilishi kredit va to‘lov tashkilotlarining sanksiyaviy komplayens tizimidagi kamchiliklarini aniqlash va ular bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berish va ta’sirchan choralar ko‘rish mexanizmini shakllantirish imkonini beradi.

Shuningdek, tijorat banklarining mijozlarga hisobvaraqlar ochish hamda mijozlar operatsiyalarini sanksiyaviy komplayens tizimi doirasida amalga oshirish bo‘yicha vakolatlari belgilanishi sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni o‘z vaqtida baholash, aniqlash va samarali boshqarish yuzasidan zarur choralar ko‘rishga xizmat qilishi ta’kidlandi.