13-fevral kuni Toshkent shahrida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Global ekologik fond (GEF) rahbari Karlos Rodriges o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Fevral oyi boshida GEF kengashi Ekotizimni tiklash, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash va mustahkamlikni oshirish uchun Markaziy Osiyo suv va quruqlik aloqalari (CAWLN) mintaqaviy dasturi loyihalariga 26 million dollar ajratdi.

Umumiy qiymati 18,6 mln dollar bo‘lgan beshta loyihadan to‘rttasi O‘zbekiston ishtirokida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi (FAO) ko‘magida amalga oshiriladi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Markaziy Osiyoning zaif ekotizimlarida yerlarni tiklash;
  • Amudaryo, Zarafshon, Panj, Sirdaryo va Norin daryolari havzalarida suv resurslarini kompleks boshqarishni kuchaytirish;
  • ekotizimlar va bioxilma-xillikni saqlashni yaxshilash uchun tabiiy resurslarni kompleks boshqarish.

“Markaziy Osiyo vazirlari ekotizimlarni tiklash va iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka tayyor. Beshta davlat bir-biriga bog‘langan, Markaziy Osiyo mintaqasi esa bir ekotizimdir”, — dedi Aziz Abduhakimov.

GEF rahbari O‘zbekiston hukumatiga Markaziy Osiyo mintaqasidagi zaif ekotizimlarni muhofaza qilish va saqlash bo‘yicha hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida ochiq dengiz bo‘yicha xalqaro shartnoma, Central Asian Green University bilan hamkorlik qilish va boshqa masalalar muhokama qilindi.