Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev AOKAda o‘tkazilgan brifingda mamlakatdagi metan “zapravka”lar faoliyati to‘xtatilgani yuzasidan izoh berdi.

17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi oqibatida “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagan. Oqibatda tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemadagidan qisqarib, magistral gaz quvurlarida bosim nisbatan pasaygan.

Gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida mamlakatdagi barcha metan “zapravka”lar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan va bu cheklov bugun, 19-fevral kuni ham davom etadi. Eslatib o‘tamiz, bir kun avval vazirlik avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga “qisqa muddatli” cheklovlar mamlakat hududida havo haroratining pasayishi sababli kiritilayotganini ta’kidlagandi.

Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, hozirda 110 kVli “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Gaz haydash agregatlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish ustida ishlanmoqda.

18-fevral kuni mamlakatdagi 133 ta metan “zapravka” orqali ijtimoiy soha — tibbiyot muassasalari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 700 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

“Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 18-fevral kuni „O‘zbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 1126 tonna avtobenzin yetkazib berildi”, — deya ta’kidladi Hasan Toshxo‘jayev.

Vazirlik vakilining “Gazeta.uz” bergan ma’lumotlariga ko‘ra, avariyaviy holat bartaraf qilingach, gaz agregatlari to‘liq kuch bilan ishlay boshlaydi va metan “zapravka”lar ham belgilangan reja-grafik asosida (har kuni soat 8:00 dan 15:00 gacha vaqt oralig‘ida) bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Hozircha muhim ijtimoiy obyektlarning avtomobillariga metan gaz yetkazib berish uchungina ayrim “zapravka”lar ishlatilyapti xolos va ular ham kam miqdorda gaz uzatyapti.

Vazirlik ayni vaqtda ta’mirlash ishlari deyarli tugab qolgani, vazirli ishlar yakunlanishi bilan bu bo‘yicha axborot berishini ma’lum qildi.

Shuningdek, 18-fevral kuni mamlakat bo‘ylab kuchli shamol esishi va qor yog‘ishi tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 9 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilingan.

Jumladan, Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi 700 ta iste’molchi, Buxoro viloyatining Romitan, Buxoro, Olot, Kogon hamda Jondor tumanlaridagi 15 mingta iste’molchi, Samarqand viloyatining Samarqand, Pastdarg‘om, Bulung‘ur, Jomboy, Tayloq va Payariq tumanlaridagi jami 35 mingta iste’molchi, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi 1150 ta iste’molchi, Toshkent shahrining Shayxontohur, Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi 1240 ta iste’molchi, Andijon viloyatining Andijon tumanidagi 980 ta iste’molchi kunning turli vaqtlari davomida elektr ta’minotidan uzilgan.

18-fevral kuni elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 322 ta murojaat kelib tushgan va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilgan. Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 178 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Kun davomida barcha elektr stansiyalar orqali jami 231,4 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 40,3 mln kubometr tabiiy gaz, 26,3 ming tonna ko‘mir hamda 10,7 ming tonna mazut yoqilgan. Turkmanistondan 21,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilingan.

Shunga qaramay, 18-fevral kuni elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha defitsit 6,4 mln kVt·soatni tashkil etib, mamlakat bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtida 400 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lingan. Respublika iste’molchilariga 225,6 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. Tabiiy gaz iste’moli 151,6 mln kubometrni tashkil qilgan.