“Paxtakor” futbolchilarining oyligi va boshqa hisobotlar klub rasmiy manbalarida e’lon qilib boriladi

“Paxtakor” homiylari tomonidan ajratilgan 22 mlrd so‘m hisobidan klubning yig‘ilib qolgan qarzdorliklari yopildi. Endilikda jamoaning moliyaviy hisobotlari, futbolchilar ishlab topadigan mablag‘lar va mukofot pullari klub rasmiy manbalarida e’lon qilib boriladi.

O‘zbekistonda kamondan otish rivojlantiriladi

Prezident qarori bilan mamlakatda kamondan otish rivojlantirilib, ommalashtiriladi. Toshkentda har yili “Alpomish va Barchinoy”, Samarqandda — “To‘maris kubogi” musobaqalari, Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xivada — “Turizm va kamondan o‘q otish haftaligi” o‘tkaziladi.

Andijondagi 200 ta mahallaga 400 mlrd so‘m ajratiladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashiga ko‘ra, Andijon viloyatida mahallalarning aksariyati o‘zining “o‘sish nuqta"larini aniqlab olgan bo‘lishiga qaramay, 100 ta mahalla haligacha o‘z ixtisoslashuv yo‘lini topmagan. 200 ta mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 400 mlrd so‘m (har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan) resurs ajratilishi qayd etildi.

Prezident izboskanlik tadbirkor ayolga “Mehnat shuhrati” ordenini topshirdi

Shavkat Mirziyoyev Andijonlik tadbirkor ayol, Umida Usmonovani “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotladi. Shuningdek, unga “Mikrokreditbank” tomonidan 5 mlrd so‘m foizsiz kredit ajratilishi bo‘yicha topshiriq berildi. Prezident tadbirkor ayol bilan 17 iyun kuni Urganji mahallasida uchrashib, uni mukofotlashini aytgan edi.

Andijon iqtisodiy kompleksdagi 5700 nafar xodimning barchasi ishdan bo‘shatildi, ularga 3 oy sinov muddati berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida iqtisodiy kompleksda ishlovchi 5700 nafar xodimning barchasi ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi. “Ularga 3 oy sinov muddati beriladi, agar aravani torta olsa, ishga tiklanadi, oyligini ham beramiz, kerak bo‘lsa mukofot ham beramiz”, — deya qo‘shimcha qiladi prezident.

Andijon viloyatida 1,8 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi

Andijon viloyatida 2021−2022 yillarda jami 19,8 trln so‘m, ya’ni 1,8 mlrd dollarlik 584 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

“Baribir hokimlarni xalq saylaydi, qanday og‘ir bo‘lmasin shu kunga kelamiz” — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelajakda viloyat, shahar va tuman hokimlarining xalq tomonidan saylanishini ta’kidladi. Shuningdek, davlat rahbari keyinchalik hokimlar xalq deputatlari kengashi raisi bo‘lmasligini ham qayd etdi. “Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman”, — dedi u.

Andijonda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Andijon viloyatidagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. 2021−2023 yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. 2020 yilning dekabr oyida “O‘zavtosanoat” kompaniyasi faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazilishi rejalashtirayotgan edi.

Toshkent hayvonot bog‘iga ikkita oq rangli sher bolalari olib kelindi (foto)

Sakkiz oylik ikkita oq sher bolasi (Jonni va Jenni) Janubiy Afrikadan Toshkent hayvonot bog‘iga olib kelindi. Dunyoda bunday sherlarning soni 300 dan oshmaydi.

“Bu qasddan uyushtirilgan” — raqqosalar bilan video sababli ishdan ketgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari

Raqqosalar bilan video sababli ishdan ketgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Mirzayev ushbu holat “qasddan uyushtirilganligini” ta’kidladi. “Videoda, to‘g‘risi, menga nisbatan provokaya bo‘lgan. Bu ishdan keyin bo‘lgan holat”, — deydi u.

Yangi Andijon va Andijon shahri o‘rtasida yer usti metrosi qurilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 1 martdan boshlab Andijon shahri tarkibida “Yangi Andijon” tumani tashkil etilishini ma’lum qildi. “Yangi Andijonda „Damas“ bo‘lmaydi. U yerda yer usti yoki yer osti metrosini qurish bo‘yicha hisob-kitoblar qilinadi. Ma’qulini quramiz”, — dedi davlat rahbari. Yangi Andijon loyihasining kommunikatsiya tarmoqlarini qurishni boshlash uchun 100 mln dollar ajratiladi.

Toshkentdan Gruziyaga aviaqatnovlar soni ortadi

“Uzbekistan Airways” Toshkent — Tbilisi — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yakshanba kuni qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Haftasiga umumiy hisobda uchta muntazam aviaqatnov: seshanba, juma va yakshanba kunlari bajariladi.

Jahon banki Andijon shahrining issiqlik ta’minotini rekonstruksiya qilish uchun $36 mln ajratadi

Jahon banki Andijon shahrining issiqlik ta’minotini yaxshilash uchun qiymati 36 mln dollar bo‘lgan loyihani boshlaydi. Uning doirasida 24 km issiqlik uzatish tarmoqlari, 271 ta ko‘p qavatli uy qurilishi hamda 32 ta ijtimoiy soha obyektida alohida ishlaydigan isitish uskunalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

“Paxtakor” o‘yinchilari va klub xodimlarining daromadlari bo‘yicha ma’lumot berildi

“Paxtakor” futbol klubi asosiy tarkibidagi futbolchilar, asosiy jamoa murabbiylar shtabi va klub rahbariyatining yillik maosh va daromadlari aks ettirilgan ma’lumotni taqdim etdi. Klub bosh murabbiyi yiliga 350 ming yevro ishlab topsa, futbolchilar ichida eng ko‘p daromadni shveysariyalik legioner Eren Derdiyok topadi — yiliga 1 mln 300 ming yevro.

Yangi Andijon shahri qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi? (foto)

Qurilishining boshlanishida prezident ishtirok etgan Yangi Andijon shahrida kam qavatli binolar ustunlik qiladi, hovlilarida yashil maydonlar barpo etiladi. Bo‘lajak shaharning chizma va maketlari — “Gazeta.uz” fotoreportajida.

Konditsioner ostida doimiy o‘tirish qanday kasalliklarga olib keladi?

Yoz issig‘ida konditsioner ostida jon saqlaydiganlar o‘z salomatliklariga e’tibor berishlari lozim. Konditsionerdan qanday to‘g‘ri foydalanish kerakligi va doimiy ravishda uning ostida o‘tirish qaysi kasalliklarga olib kelishi haqida tibbiyot fanlari nomzodi E’zozbek Rizayev ma’lumot berdi.

“Bu ham go‘zallik, ham daromad, ham ma’rifat” — prezident “Andijon gullar bog‘i” haqida

Shavkat Mirziyoyev Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi hamda Andijon tumanidagi “Andijon gullar bog‘i"ni borib ko‘rdi. “Bunday bog‘larni har bir tumanda tashkil etib, ayollarga gul yetishtirishni o‘rgatish kerak. Bu orqali “ayollar daftari"ga kirgan xotin-qizlarni ishli, daromadli qilish mumkin”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatida rekordni yangilashdi

O‘zbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza jami 10 ta medalni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatishdi. Bunga qadar O‘zbekiston tarixida hech qachon bitta Osiyo chempionatida 10 ta medal qo‘lga kiritilmagan edi.