Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda kelajakda hokimlarning saylanishiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Biz joylardagi muammolarni hal qilish bo‘yicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga o‘tamizki, har bir kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar bo‘ladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari bo‘lmaydi. Ijro organi rahbari — tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman», — dedi prezident.

Davlat rahbari har bir viloyat, tuman va shaharda vazirlik va respublika idoralarining vakillari borligini, lekin ular haligacha quyi pog‘onaga hisobot berishni o‘rganmaganligi ta’kidladi. «Bizning ijro organimizdagi eng katta kamchilik shu. Bu organlar vakillari yuqori tashkilotiga suyanib o‘z bilganicha ishlab yuribdi. Bu zamon tugagan», — dedi u.

«Baribir viloyat, tuman, shahar hokimlarini xalq saylaydi, qanday og‘ir bo‘lmasin shu kunga kelamiz. Xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mart oyida prezident Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida ham ushbu masalaga to‘xtalgan edi. «Hokimlar ham saylansin, degan gaplar ham juda ko‘p aytilayapti. Buni men o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku. Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, men ham buni yaxshi tushunaman. Lekin kimni saylaymiz?», — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hokimlarni lavozimga saylashni birinchi bor 2016 yilning dekabrida taklif etgan edi. 2017 yilning avgustida u hoziroq hokimlarni xalq saylashi tizimini joriy etishga tayyorligini bildirgan edi.

2020 yilning sentyabr oyida davlat rahbari yana bir bor, «Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», deya ta’kidlagan edi.

Hozirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, nomzodni davlat rahbari tavsiya etadi.

Deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — dedi u.