Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda izboskanlik tadbirkor ayolni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Umida Usmonova o‘z xonadonida yetarli sharoit yo‘qligiga qaramasdan, uyining mehmonxonasida parranda boqib, aholiga tarqatib kelayotganini ta’kidladi. U bugungacha 23 ming bosh xonaki tovuq tarqatgan.

«Bu tadbirkor va shijoatli ayolning Urganji mahallasida qilgan ishlari menga juda ma’qul bo‘ldi. Shuning uchun, „Mikrokreditbank“ bu tadbirkor singlimizga 5 milliard so‘m miqdorida foizsiz kredit ajratadi. Yana bir alohida sovg‘amiz bor — hozir Sizlarning ko‘z oldingizda Umidaxon singlimga „Mehnat shuhrati“ ordeni topshiraman», — deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda O‘zA.

Yig‘ilishda prezident tadbirkor Umidaxon Usmonovaga «Mehnat shuhrati» ordenini topshirgan.

17 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida Qurbonali O‘rinboyev xonadonida bo‘lgan edi. Ayni shu xonadonda davlat rahbari Umida Usmonovani mukofotlashi haqida aytgandi.

«Men sizdan minnatdorman. Men sizga „Mehnat shuhrati“ ordenini beraman. Xonadonda shunday harakat qilib, o‘zbek ayoli shunday mehnat qilgan bo‘lsa, mening islohotlarim amalga oshyapti, men baxtiyorman. Sizning timsolingiz elga yarashadi. Sizning timsolingiz xalqimizga namuna bo‘ladi», — degan edi prezident.

Tadbirkor «O‘zbekiston 24» telekanaliga intervyu berdi.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

«Urganji mahalla fuqarolar yig‘ini boshlig‘i Nafosatxon degan ayol meni Qo‘rg‘ontepaga izlab boribdi. „Opajon, men sizning tajribangizni o‘rganmoqchiman. Uni Urganji mahallasida qo‘llamoqchiman“, deganidan keyin, avvalo xursand bo‘ldim. Keyin ularga yordam berishga kirishdim. 10−15 kundan beri shu mahallada faollik qilib, parandachilik yo‘nalishida maslahat berib kelmoqdaman. Nafosatxon aytdi, „Nega Qo‘rg‘ontepa ayollari qilgan ishni, Urganchi ayollari qila olmaydi?“, dedi. Biz hozir hamkorlikda ishlayapmiz. Urganji ayollarining qilayotgan mehnatlarini, men orqali yo‘nalishlar ketayotganiga yurtboshimiz xursand bo‘lib, meni mukofotladilar», — deydi u.