14 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda raqqosalar bilan videoси tarqalgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Mirzayev hamda tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov o‘z arizalariga binoan ishdan ketdi.

Lavozimga tayinlanganiga 1 oy muddatdan sal oshgan Sirdaryo tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Nurali Mirzayev Human.uz'ga bergan intervyusida video provokatsiya bo‘lganligini ta’kidlaydi.

«Aslida, bu videoda aks etgan holat 2020 yil oktyabr oylarida bo‘lgan. O‘sha videodagi restoranning ochilish marosimiga taklif qilingan edik. Biz el qatori hech qanday tartibni buzmagan holda ichkiliklarsiz kechki ovqatga yig‘ilgan edik. Masalan, to‘yga borib o‘tirganda raqqosa kelib erkak kishining yonida o‘ynaydi, chetdan qaraganda erkakning ayoli qarab turgan bo‘ladi, shunda „raqqosa tezroq ketsin“ deb pul qistiradi. Biz ham noqulay vaziyat bo‘lishining oldini olgan holda, uning yonimizga yaqinlashishining oldini olib, tezroq chiqib ketishi uchun pulni qistirgandik. Atayin cho‘zib, o‘zimizga yaqinlashtirish uchun nojo‘ya harakatlar bo‘lmagan. Ommaning oldida xuddi biz o‘yinchilar bilan ko‘ngilxushlik qilgandek bo‘ldik, lekin aslida unday bo‘lmagan», — deydi u.

Mirzayevning ta’kidlashicha, videoda o‘ziga nisbatan provokatsiya bo‘lgan.

«Videoda, to‘g‘risi, menga nisbatan provakatsiya bo‘lgan. Bu avvalo ishdan keyin bo‘lgan holat. Bu video qasddan uyushtirilgan deyishimiz mumkin. Bu ko‘proq menga qaratilgan, deb aytishim mumkin. Chunki pul qistirgan holatim 1 yoki 2 marta bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin 4−5 marta qayta-qaytadan ko‘rsatib, oxirida qandaydir she’rlar bilan ko‘rsatilgan. Lekin, oddiy misol, viloyat markazlarida deymizmi, Toshkent shahrida ham xuddi shunday joylar bor. Ish faoliyatimga 1 oydan ortgan bo‘lsa, xohlagan odam kelib ish faoliyatimni tekshirib ko‘rsa, tuman miqyosida so‘rovnoma o‘tkazgan taqdirda ham, tumanimiz xalqining o‘zi baho bersin. Men oilam, jamoam, rahbariyat oldida o‘zimni oqlamoqchiman», — deydi hokimning sobiq o‘rinbosari.

Hokimning sobiq o‘rinbosari raqqosalarni haydab yubormaganiga ham izoh bergan.

«Raqqosalar kirib kelganda urib, haydab bo‘lmaydi. Biz ular uchun javobgar bo‘la olmaymiz. Tartibda qanday bo‘lsa, xuddi shunday chiqarib yuborish chorasi ko‘riladi. Ularga qo‘pol muomalada bo‘lib chiqarib yuborilsa, balki bu boshqacha oqibatga olib kelishi mumkin. Oddiy fuqarolarda bunaqa holatlar ko‘p bo‘ladi. Lekin biz hokimiyat xodimi, boshqaruv organi bo‘lganligimiz uchun ommaga bo‘rttirib ko‘rsatilgan deb hisoblayman. Yemagan somsaga pul to‘lagandek bo‘ldim», — deydi Nurali Mirzayev.

U o‘zining ish faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tadi.

«Tuman hokimimiz fidoyi insonlar, fidoyilarni yaxshi ko‘radilar. Shu kishi qachonki ertalab tongda chiqsa, shu kishi bilan birga chiqamiz, tunda nechida qaytishlariga qaramay, shu kishidan keyin qaytamiz. Bu haqiqiy fidoyilik hisoblanadi deb o‘ylayman. Chunki biz faqat qurilish sohasi bilan to‘xtab qolmaymiz. Ijtimoiy sohaga ham kirishib ketamiz, iqtisodiy sohaga ham, sohani tanlamasdan bir-birimizga yordam beramiz. Chunki bizni rahbarimiz shunday tarbiya qilyaptilar. „Seniki yoki meniki degani bo‘lmasin. Jips bo‘lsalaring, ishlaring yurishadi“, deb ta’kidlaydilar. Bu mehnat qonunchiligi bo‘yicha bizga tazyiq o‘tkazilyapti degani emas. Biz o‘z xohishimiz bilan tun-u kun, shanba yakshanba demasdan har doim ishdamiz».