Tibbiyot fanlari nomzodi E’zozbek Rizayevning Sog‘liqni saqlash vazirligiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, yozgi shamollashlarga ko‘pincha odamning o‘zi sababchi bo‘ladi. Masalan, tashqarida issiq havoda terlab, so‘ng muzdek, konditsionerli xonaga kirib olinadi. Konditsionerdan chiqayotgan sovuq havo oqimi esa tananing yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi.

Rizayevning aytishicha, buning natijasida butun tana a’zolari og‘riydi, hatto bosh og‘rig‘idan bemor boshini qimirlatolmay qoladi. Konditsioner sovug‘i bosh sohasini zararlasa, meningial simptomlar kelib chiqishi ham mumkin.

«Konditsonerni tana haroratiga mos sovuqlikka qo‘ysa bo‘ladi. Masalan, sovuq havoning inson uchun me’yoriy holati 18 daraja hisoblanadi. Agar havo harorati juda issiq bo‘lsa, bu haroratni ozgina tushirish mumkin. Shuningdek, imkon qadar ish stoli konditsionerdan uzoqroqda bo‘lishi kerak. Undan chiqayotgan sovuqlik oqimini tepaga yoki pastga yunaltirib qo‘ying, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanaga urmasligi kerak», — deydi u.

Ma’lumotga ko‘ra, konditsioner yaqinida o‘tirgan odamning tomog‘i quruqshaydi, uning ko‘zi yoshlanishi, og‘zida temir ta’mini tuyishi mumkin. Agar konditsioner uchun to‘g‘ri joy tanlab o‘rnatilsa va undan chiqayotgan harorat darajasi me’yorida bo‘lsa, hech kim kasallanmaydi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, konditsionerdan foydalanayotganlar issiq kunlarda ko‘cha bilan uy ichidagi haroratning farqi 4−5 darajadan oshmasligiga e’tibor berishlari kerak.

«Konditsionerdan muntazam foydalanadigan uy bekalari va ofis xodimlari quyidagilarni bilib olishlari kerak. Konditsoner havo filtrlari bir yilda kamida 2 marotaba tozalanishi kerak. Konditsioner feni o‘zidan xonadagi havoni aylantirishi natijasida havo tarkibida bo‘lgan barcha changlar va kasallik tarqatuvchi mikroblar filtrda qolib ketadi va havo tozalanadi. Agarda filtrlar o‘z vaqtida tozalanmasa ular to‘ladi va xavo tozalanish o‘rniga ifloslanadi hamda o‘tkir virusli va o‘tkir respirator kasalliklarning sababchisi bo‘ladi. Doimo sovuq havo oqimini his etish immunitet pasayishiga olib keladi. Buning natijasida kishi tez-tez shamollaydi», — dedi E’zozbek Rizayev.

Konditsionerlar havoning kirishi va chiqishini ta’minlaydigan ventilyatsiyasi bor xona va binolarga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan. Bunday sharoitda ularning inson salomatligiga salbiy ta’siri kam bo‘ladi, deya ta’kidladi E’zozbek Rizayev.

Bino yoki xonada ventilyatsiya mavjud bo‘lmasa, konditsioner xona havosini bir necha marotaba qayta-qayta sovutadi va quritadi. Havo kislorod bilan to‘yinmaydi. Bu esa salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Konditsionerli xonada muntazam o‘tirib ishlaydigan xodimlar ust kiyimlariga ham e’tibor berishlari kerak. Ularning kiyimlari tabiiy matodan, o‘ziga namlikni yengil singdira oladigan bo‘lgani ma’qul» — deydi u.

Ko‘pchilik konditsionerlarda havoni tozalab beruvchi biofiltrlar o‘rnatilgan. Ular har 3 oyda yangilanib turishi kerak.

Konditsionerda xavfli bakteriyalar, viruslar, chang kanalari va allergenlar mavjud. Allergiya, nafas siqish kasali borlar changli havodan nafas olsa, ahvoli yomonlashib qolishi mumkin.

Konditsionerda nafas tizimi infeksiyalarini ko‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar to‘planib qolishi ehtimoli bor. Havo namlanishi va namlik darajasining pasayishiga vazifasini bajaruvchi havoni namlantiradigan uskuna qo‘yish lozim.

Mutaxassisning ta’kidab o‘tishiga ko‘ra, oddiy maishiy konditsionerni vaqti-vaqti bilan (ayniqsa, qish mavsumida uzoq ishlatilmay yotganidan keyin) tozalash kerak. Unda to‘plangan changlar tozalagich (filtr)larga o‘tirib qoladi va shu holda ishlatiladigan bo‘lsa, xonaga changli havo tarqatadi. Bu esa har xil kasalliklar keltirib chiqaradigan bakteriyalar ko‘payishi uchun juda qulay sharoitdir.

«Og‘ir pnevmoniya kasalligini keltirib chiqaradigan mikroblar ham turli sovutish vositalarini „yaxshi ko‘radi“. Shunday ekan, konditsioner zararsiz ishlashi uchun uning tozaligiga ham e’tibor bering. Har uch xaftada changyutgich yordamida konditsionerni tozalang yoki suvda yuvib turing. Shu kabi tavsiyalarga amal qilgandagina u sizning salomatligingizga ziyon yetkazmaydi», — deya qo‘shimcha qiladi tibbiyot fanlari nomzodi E’zozbek Rizayev.