Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon faolli bilan uchrashuvda viloyatda 1,8 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilishini ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Andijon viloyatida 2021−2022 yillarda umumiy qiymati 19,8 trln so‘m, ya’ni 1,8 mlrd dollar bo‘lgan, 584 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shundan sanoatda — 13,8 trln so‘mlik 298 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida — 4,4 trln so‘mlik 161 ta, qishloq xo‘jaligida — 1,5 trln so‘mlik 125 ta loyiha o‘rin olgan.

Bunda ayniqsa, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va mahalliy sanoat — drayver sohalarga aylanishi kerakiligi aytildi.
Jumladan, to‘qimachilikda 2021−2022 yillarda 560 million dollarlik 114 ta loyiha amalga oshiriladi.
Ushbu loyihalar hisobidan ip-kalavani qayta ishlash darajasi 57 dan 85 foizga yetkaziladi.

Asaka tumanidagi «Asaka tekstil» korxonasida qiymati 50 mln dollar bo‘lgan loyiha 1 oktyabrgacha yakunlanib, yiliga qo‘shimcha 5 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna mato va 34 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 3 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Jalaquduq tumanida «Zumrad tekstil» korxonasida yiliga 5 mln dona, Xo‘jaobod tumanida «Xo‘jaobod fazo» korxonasida 6 mln dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari 1 noyabrgacha ishga tushiriladi. 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Qurilish materiallari sanoatida 343 mln dollarlik 52 ta loyiha amalga oshiriladi.

Xo‘jaobod tumanida «Rash Milk» korxonasi tomonidan qiymati 110 million dollar bo‘lgan, yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqaradigan zavod joriy yil sentyabrda ishga tushiriladi. 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu tumanda «JiEsEr bilding materials» korxonasi tomonidan 50 mln dollar evaziga, yiliga 500 ming tonna sement, 450 ming kub metr tayyor beton, 150 ming tonna ohak va 100 ming tonna quruq qurilish aralashmasi ishlab chiqaradigan klaster joriy yil oktyabr oyida faoliyatini boshlaydi.