O‘zbekiston intellektual mulkning huquqiy muhofazasi va himoyasi holati bo‘yicha AQSh Savdo vakilligining (USTR) qora ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.

25-aprel kuni vakillik intellektual mulk huquqlarini himoya qilish mexanizmlari samaradorligiga oid yangi maxsus hisobotini taqdim etdi. O‘zbekiston 2000-yildan beri birinchi marta maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar ro‘yxatiga kiritilmadi.

Hujjatda bunga “intellektual mulkni himoya qilish sohasidagi uzoq muddatli muammolarni hal qilishda erishilgan yutuqlar” sabab bo‘lgani qayd etilgan. Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar bilan tasdiqlangan kontrafakt tovarlarni olib kirishga qarshi kurashish bo‘yicha bojxona organlarining vakolatlari alohida keltirib o‘tilgan.

USTR mualliflik huquqlari va patentlar masalasiga “yuqori darajadagi siyosiy” e’tibor qaratilganini ta’kidlaydi. O‘zbekiston, shuningdek, “AQSh-Markaziy Osiyo” savdo va investitsiyalar bo‘yicha asosli kelishuv doirasida Intellektual mulk bo‘yicha ishchi guruhini qo‘llab-quvvatlash va unda ishtirok etishi qayd etilgan.

O‘zbekistondan tashqari Dominikan Respublikasi ham kuzatuvdan tushirib qoldirildi. Shu bilan birga, ro‘yxatga 7 ta yangi davlat kiritildi.

USTR, bundan tashqari, intellektual mulkni himoya qilish va qo‘llash bo‘yicha muammolarni hal qilish uchun savdo hamkorlarini jalb qilishda, shu jumladan, Savdo va investitsiya asoslari doirasida ikki tomonlama hamkorlik va boshqa mexanizmlar orqali davom etmoqda. Bunga boshqa davlatlar qatorida O‘zbekiston bilan hamkorlikni misol qilib keltirish mumkin, deyiladi hujjatda.

“Muayyan davlatning kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatiga kiritilishi unda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha jiddiy muammolar mavjud ekanligini ko‘rsatadi hamda bevosita xorijiy korxonalar tomonidan investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirishda alohida e’tibor qaratiladi”, — deb ta’kidladi Adliya vazirligi. Shu vaqtgacha Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston bu ro‘yxatga kirardi.

Vazirlik O‘zbekiston intellektual mulk bo‘yicha qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilganini ta’kidladi. Milliy qonunchilik JSTning intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to‘g‘risidagi bitimi (TRIPS) normalarini mustahkamlaydi.