Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan yig‘ilishdan so‘ng Andijon shahridagi bunyodkorlik ishlari va yangi loyiha taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari dastlab Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markaziga bordi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, bu bino 1965 yilda qurilgan bo‘lib, oxirgi yillarda eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgandi. 2021 yilda rekonstruksiya qilinib, ta’mirlandi. Kitoblar saqlanadigan yerto‘la va maxsus xonalarning osti betonlandi. Uch qavatli bino zamonaviy qiyofa va sharoitga ega bo‘ldi. Kutubxona 872 ming nusxadan ortiq kitob fondiga ega.

«Bu joy Andijon viloyatining ma’naviyat markazi bo‘lishi kerak. Farzandlarimizni o‘qitish — kelajakka investitsiya. Shuning bu yerga yoshlarni ko‘proq jalb etish, natijadorlikni oshirish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Axborot-kutubxona markazida 68 nafar xodim va mutaxassis mehnat qilmoqda. Ularni mahalliy byudjet hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining Bobur ko‘chasida quriladigan ko‘prik loyihasi bilan tanishdi.

Foto: Prezident axborot xizmati

Xabarga ko‘ra, mazkur inshoot Samarqand tajribasi asosida, monolit uslubida qurilishi rejalashtirilgan. U Markaziy temir yo‘l vokzali ustidan o‘tadi va shaharning ikki qismini bog‘laydi. Ko‘prik uzunligi qariyb 700 metr bo‘lishi kutilmoqda.

«Uning qurilishi natijasida masofa 5 kilometrga, vaqt sarfi esa 25 foizga qisqarib, Andijon ahlining necha yillik orzu-niyatlari amalga oshadi», — deya ta’kidlandi xabarda.

Bundan tashqari, prezident Andijon tumanidagi «Andijon gullar bog‘i»ni borib ko‘rdi.

Foto: Prezident axborot xizmati

«Bu ham go‘zallik, ham daromad, ham ma’rifat. Bunday bog‘larni har bir tumanda tashkil etib, ayollarga gul yetishtirishni o‘rgatish kerak. Bu orqali «ayollar daftari»ga kirgan xotin-qizlarni ishli, daromadli qilish mumkin», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan prezidentining Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.