Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida faollar bilan yig‘ilishda iqtisodiy kompleks faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Men bugun ana shu ishlaringiz bilan yaqindan tanishish, sizlar bilan viloyatning bugungi va ertangi taraqqiyoti haqida fikrlashib, birgalikda ulkan rejalar tuzish uchun keldim. Ayniqsa, viloyat rivojiga kuchli turtki beradigan yangi «o‘sish nuqta"larini shakllantirish va to‘liq ishga solish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha asosiy yo‘nalish va vazifalarni belgilab olsak, ayni muddao bo‘ladi», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, Andijon viloyatida iqtisodiy kompleksda ishlovchi 5700 nafar xodimning barchasi ishdan bo‘shatiladi.

«Ularga 3 oy sinov muddati beriladi, agar aravani torta olsa, ishga tiklanadi, oyligini ham beramiz, kerak bo‘lsa mukofot ham beramiz. Qani, ular ham muammolarni o‘zlarida his qilib ko‘rsin. Menga nasihat qiluvchilar kerak emas, natija ko‘rsatuvchi ijro organi kerak», — deya qo‘shimcha qiladi prezident.