Shavkat Mirziyoyev Asakadagi zavodda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Yaqinda (27 may kuni) viloyatda 105 gektar yerda „Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi“ maxsus zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladim. O‘zavtosanoat tomonidan ushbu Sanoat xabida 2021−2023 yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan», — dedi u.

Jumladan, cho‘yan detallarni quyish, ularga mexanik ishlov berish, rezina jipslovchi detallar, avtomobil oyna tozalagichlari, shassi uchun prujinalar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Prezident elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu loyihalar yetarli emasligini hisobga olib, Sardor Umurzoqov (bosh vazir o‘rinbosari), „O‘zavtosanoat“, „Eltexsanoat“ bir oy muddatda Sanoat xabi hududida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, taqdimot qilsin. Shu jumladan, viloyatda metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini ham tayyorlash lozim», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning dekabr oyida «O‘zavtosanoat» kompaniyasini faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 29 dekabrdagi qarorida (VMQ-812) so‘z boradi.

Hujjat «O‘zavtosanoat»ni faqat elektr dvigatellari bo‘lgan avtomobillar va avtotransport vositalarini ishlab chiqarishga o‘tkazishni nazarda tutgan. 2021 yil 1 fevralgacha kompaniyaga xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish hamda konsepsiya loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.