«Paxtakor» futbol klubi xodimlari oldida yig‘ilib qolgan qarzdorliklar bartaraf etildi, deya xabar bermoqda klub matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimi — «Paxtakor» futbol klubi raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev jamoa a’zolari va murabbiylari bilan klubning Qibrayda joylashgan mashg‘ulotlar bazasida uchrashuv o‘tkazgan.

Foto: «Paxtakor» matbuot xizmati

Unda klub va jamoa oldida turgan muammolar, ularning yechimlari, «Paxtakor» kelajak faoliyati muhokama etilgan.

Qayd etilishicha, klub oldida turgan moliyaviy majburiyatlar shu kunlarda ijobiy hal etildi. Homiylar tomonidan ajratilgan 22 milliard so‘m pul mablag‘lari hisobidan shu kungacha yig‘ilib qolgan futbolchilar, murabbiylar va klub xodimlarining maoshlaridan bo‘lgan qarzdorliklar bartaraf etildi.

«Bundan buyon „Paxtakor“ futbol klubi faoliyati va moliyaviy hisobotlari shaffoflik, ochiqlik tizimida yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida Jahongir Ortiqxo‘jayev alohida ta’kidladi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, futbolchilar ishlab topadigan mablag‘lar, mukofot pullari va boshqa hisobotlar klub rasmiy manbalarida e’lon qilib boriladi.

«Bu o‘zgarishlar nafaqat «Paxtakor»ning, balki butun o‘zbek futbolining rivojlanishiga turtki bo‘lishi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. «Paxtakor» bosh murabbiyi gollandiyalik Piter Xyuistra ham klubda boshlanayotgan tub o‘zgarishlar, yo‘lga qo‘yilajak shaffof tizim har qanday jahon miqyosidagi futbol klubining asosiy mezoni ekanini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, «Paxtakor» endi to‘liq Toshkent shahar hokimligiga tegishli ekanligi, klubga yangi homiylar kelishi aytilayotganligi haqida xabar berilgan edi.

Keyinroq, «Paxtakor» dan tashqari yana 8 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoalarining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga ularni keyinchalik sotish sharti bilan topshirilgani haqida ham xabar berilgan. Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor»dan tashqari «Bunyodkor» futbol klubining egasi va bosh homiysiga aylangan.