Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni «Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Quyidagilar kamondan otish sport turini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

professional sportchilar, malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda ularni kasbiy rivojlantirish;

ushbu sport turi bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish hamda zamonaviy sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan ta’minlash, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan parakamondan otish sport turi bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalar, turnirlar va jahon chempionatlarida doimiy va munosib ishtirokini ta’minlash;

jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, o‘qlar, to‘siqlar hamda sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini ishlab chiqarishni tashkil etish;

va boshqalar.

Qarorda har bir bolalar-o‘smirlar sport maktabida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda) mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, kamondan otish seksiya va bo‘limlarini tashkil etish belgilandi.

2022/2023 o‘quv yiliдан boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish ta’lim yo‘nalishi ochiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili an’anaviy tarzda kamondan otish sport turi bo‘yicha:

  • Toshkent shahriда «Alpomish va Barchinoy» xalqaro turniri;
  • Samarqand shahriда ayollar o‘rtasida «To‘maris kubogi» xalqaro turniri;
  • Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xiva shaharlarida «Turizm va kamondan otish haftaligi» tashkil etiladi.

Haftalik doirasida kamondan otish bo‘yicha sportchilar va sayyohlar o‘rtasida turnirlar, mahorat darslari hamda uchrashuvlar, turistik salohiyat aks etgan sayillar o‘tkaziladi.

Hujjatda har bir hududning bitta tumani (shahri)ni kamondan otish sport turini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, qaror asosida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.