18 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati faollari bilan yig‘ilishida viloyatidagi 200 ta mahallarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 400 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Viloyat rivojiga kuchli turtki beradigan yangi «o‘sish nuqta"larini shakllantirish va to‘liq ishga solish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha asosiy yo‘nalish va vazifalarni belgilab olsak, ayni muddao bo‘ladi. «Mahallabay» va «xonadonbay» ishlash asosida, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Andijon namunasini yaratib, shu orqali viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishimiz zarur», — dedi prezident.

Xabarga ko‘ra, bu borada viloyatga yuborilgan Ishchi guruh (bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov) tomonidan jami 882 ta mahalladagi muammolar va imkoniyatlar o‘rganildi.

«Bunda, har bir mahallada aholining azaldan shakllangan mehnat ko‘nikmasidan kelib chiqib, eng samarali «o‘sish nuqta"lari sifatida — hunarmandchilik, tomorqa va issiqxona xo‘jaligi, bog‘dorchilik, gulchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlar belgilab olindi», — ta’kidladi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, Shahrixon tumani, «Yuzlar» mahallasida 847 ta xonadondan 721 tasida 1 sotixdan 30 sotixgacha issiqxonalar mavjud. Izboskan tumani, «Gudur» mahallasidagi 601 ta xonadondan 265 tasi savat yasash bilan shug‘ullanadi.

Har bir tuman (shahar)ga biriktirilgan vazirlik va xo‘jalik birlashmalari, banklar hamda sektor rahbarlari «mahallabay» ishlash asosida, aholi muammolarini hal etish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shaxsan mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.

«Bu ishlardan ko‘zlangan pirovard maqsad — aholi bandligi va daromadini oshirib, viloyatda kambag‘allikni yo‘qotishga erishishdir», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda viloyatdagi mahallalarning aksariyati o‘zining «o‘sish nuqta"larini aniqlab olgan bo‘lishiga qaramay, 100 ta mahalla haligacha o‘z ixtisoslashuv yo‘lini topmagan.

«Shu bois, 200 ta mahallani rivojlantirishga viloyat hokimligi va iqtisodiy kompleks mas’ul bo‘ladi. Bugundan iqtisodiy kompleksning barcha rahbar xodimlari ishdan olinib, uch oy muddatga vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi», — dedi u.

Iqtisodiy kompleks va tijorat banklari barcha xodimlari idoraga kirmasdan uch oy ichida mazkur mahallalardagi har bir xonadonga kirib, aholining turmush sharoiti, istak-xohishi va imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi belgilandi.

Shunga ko‘ra ularga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun biznes-reja (TEO) qilib beradi.

«Umuman tadbirkorlik qo‘lidan kelmaydigan oilalarga 100 tadan tovuq beriladi. Bunday tadbirkorlarga banklar tomonidan 3 yil muddatga 10 foizdan kredit ajratiladi va ulardan garov talab qilinmaydi. Bu kreditlar uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kafillik beradi. Bu maqsadlar uchun 200 ta mahallaga 400 mlrd so‘m (har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan) resurs ajratamiz», — dedi prezident.

Bu ishlarga Jamshid Qo‘chqorov (iqtisodiy taraqqiyot va sanoat vaziri), Timur Ishmetov (moliya vaziri), Mamarizo Nurmuratov (markaziy bank raisi), Adxam Ikramov (savdo-sanoat palatasi raisi), Ibrohim Abduraxmonov (innovatsion rivojlantirish vaziri) va tijorat banklari rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘lishi qayd etildi.

Bir oy muddatda Sardor Umurzoqovga yirik tadbirkorlar — 100 ming dollardan yuqori loyihalar, Ikramov esa kichik tadbirkorlik subyektlari — 100 ming dollargacha bo‘lgan loyihalar tomonidan oxirgi 3 yilda olingan kreditlarning natijadorligini o‘rganishi bo‘yicha topshiriq berildi.

«Bunda, asosiy e’tibor yaratilgan ish o‘rinlari va ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish tizimini tashkil etish hamda qo‘shimcha ish joylari yaratishga qaratilishi lozim», — dedi prezident.