Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Andijon viloyatidagi faollar bilan yig‘ilishda suv ta’minoti masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, viloyatda bu yili 162 mlrd so‘m markazlashgan mablag‘lar hisobidan, 460 km ichimlik suvi, 23 km kanalizatsiya tarmog‘i, 95 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Natijada, 117 ta mahalladagi 200 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi va 37 ming aholi kanalizatsiyaga ulanadi.

Qayd etilishicha, 480 ta mahalladagi 1 ming 375 km ichki yo‘llar va 6 ta ko‘prikni qayta qurish va ta’mirlashni 1 oktyabrgacha yakunlashi kerak.

Viloyatda 2021 yilda 1 ming 147 km elektr uzatish tarmoqlari, 300 dan ziyod transformator punktlarini qurish va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada 571 ta mahalla hamda 2 ming 374 ta ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyektining elektr ta’minoti yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.

«Bu yil Jahon banki ishtirokida qiymati 36 mln dollar bo‘lgan „Andijon shahrining issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va samaradorligini oshirish“ loyihasini boshlaymiz. Loyiha doirasida 3 ta yangi qozon va 24 kilometr issiqlik uzatish tarmoqlari quriladi, 271 ta ko‘p qavatli uy va 32 ta ijtimoiy soha obyektida alohida ishlaydigan isitish uskunalari o‘rnatiladi», — dedi prezident.

Ikki oy muddatda ushbu loyiha bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazib, qurilish ishlarini boshlanishi belgilandi.

Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev Bobur shoh ko‘chasi va Markaziy temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan ko‘prik qurilishi haqida ma’lum qildi.

«Yana bir yirik loyiha — Bobur shoh ko‘chasining ikki qismini bog‘laydigan va Markaziy temir yo‘l vokzali ustidan o‘tadigan, 700 metr uzunlikdagi ko‘prik quriladi. Natijada, masofa 5 kilometrga, vaqt sarfi esa 25 foizga qisqarib, Andijon ahlining necha yillik orzu-niyatlari amalga oshadi», — ta’kidladi davlat rahbari.