Qozog‘iston apreldan Rossiyaga reeksport qilish uchun mamlakat orqali o‘tadigan tovarlarni kuzatishni boshlaydi, deb yozadi Financial Times. Bu chora-tadbirlar G‘arbning xorijiy kompaniya va shaxslarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi fonida ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayrami tantanasida Rossiya madaniyat markazi ko‘rgazmasi bilan tanishar ekan «Rus va O‘zbekiston — ular azaldan birga bo‘lgan va abadiy birga bo‘ladi», dedi. Shuningdek, u Ukraina va boshqa madaniyat markazlarining ko‘rgazmalariga tashrif buyurdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin Moskvadagi muzokarada Markaziy Osiyoni alohida muhokama qildi. Tomonlar «rangli inqiloblar importi va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvni qabul qilmasliklarini» ma’lum qilishdi.
Qoraqalpog‘istondagi «Dovut-ota» chegara postida Rossiyadan O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan gazli va pnevmatik to‘pponchalar, gaz ballonlari va patronlar aniqlandi.
O‘zbekiston Transport vazirligi Rossiya-Gruziya chegarasidagi «Yuqori Lars» nazorat-o‘tkazish punktida aksariyat yo‘laklar yopilgani sababli milliy tashuvchilarga ushbu holatni inobatga olishlarini so‘radi. Hozirda Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasida 3 ta nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi iyun oyida Toshkent va Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi turnirida ishtirok etishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev «katta davlatlar» O‘zbekistondan qaror qabul qilib, taraf tanlashni so‘rayotgani haqida gapirdi. Gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi mojarosi haqida ketmoqda. «Bir tomonman. Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», — dedi prezident.
Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari mobil ilovadan pul o‘tkazishda hisob raqamidan pul yechib olinishi va yuqori foizli kreditlar rasmiylashtirilishi kabi muammolarga uchramoqda. Migratsiya agentligi fuqarolardan bank xizmatlaridan foydalanishda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga ma’lum qilmaslikni so‘radi.
Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga 81 ta raketa bilan hujum qildi. Lvov viloyatida snaryad turar-joy binolariga tushib, besh kishi, Dnepropetrovsk viloyatida bir kishi halok bo‘ldi. Rossiya Mudofaa vazirligi bu «Bryansk viloyatidagi terrorchilik harakatlari uchun katta javob zarbasi» ekanini aytdi.
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishda tavsiyalar berib, shubhali o‘tkazmalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi. Tovarlarni qator davlatlar, xususan, O‘zbekiston orqali yetkazish, xaridorning mahsulotdan yakuniy foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim qilmasligi va boshqalar sanab o‘tilgan.
Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi Rossiyadan «import qilinadigan tabiiy gaz hajmi ichki transportirovka hajmlariga aralashmasligi uchun» o‘z infratuzilmasini tayyorlamoqda, deb ma’lum qildi «O‘ztransgaz».
Rossiya «FSB» Bryansk viloyatining Klimovskiy tumanida «davlat chegarasini buzgan qurolli ukraina millatchilarini yo‘q qilish choralari ko‘rilayotganini» ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya ko‘ngillilar korpusi videosi paydo bo‘ldi. Videoda o‘z vatanlarini ozod qilish uchun kelganliklari e’lon qilingan.
Qozog‘iston o‘z hududidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi, deya ma’lum qildi mamlakat TIV rahbari Muxtar Tleuberdi. Qozog‘iston hozircha Rossiyadan xavf yoki tahdidni sezayotgani yo‘q, dedi u Ostonada AQSh davlat kotibi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha.
Rossiyadan O‘zbekistonga gaz importi 1-martdan boshlanmaydi, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Ishchi guruhlar imzolangan “yo‘l xaritasi” doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Hozircha aniq kelishuvga erishilmagan.
O‘zbekiston prezidenti Qarshidagi harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari bilan tushlikda Rossiya va AQSh prezidentlari nutqlarini tilga oldi. «Har bir davlat o‘z suvereniteti, o‘z xalqi manfaatlari haqida o‘ylashi uchun kuchli mudofaa bo‘lishi kerak. Shunda davlat o‘zini hurmat qilishga majbur qiladi», — dedi u.
Jurnalistlar va ko‘ngillilar jamoasi 1 yil davomida Ukraina yerlarida Rossiya armiyasining 15 136 nafar vakili halok bo‘lganini aniqladi. Bu Sovet ittifoqi Afg‘on urushida yo‘qotganlar soni — 15 051 dan ko‘proqdir.
BMT Bosh assambleyasi Ukrainada imkon qadar tezroq tinchlikka erishish, jumladan, Rossiya qo‘shinlarini bu hududdan zudlik bilan olib chiqib ketish zarurligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘zbekiston ovoz berishda 32 ta davlat orasida betaraf qoldi.
Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko Rossiya bosqiniga bir yil to‘lishi arafasida «Gazeta.uz»ga intervyu berdi. Elchi Ukrainadagi hozirgi vaziyat, O‘zbekiston bilan munosabatlar holati, Ukraina tomoni hamkorlik istiqbollarini qanday ko‘rayotgani va O‘zbekiston tomonining yordami haqida gapirdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston barcha gaz va neftga oid eksklyuziv huquqni Rossiyaga qarashli kompaniyaga 35 yilga bergani haqidagi ma’lumotni rad etdi. «Ekspluatatsiyada bo‘lgan konlarning asosiy qismi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli», — dedi u.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning fikricha, G‘arb davlatlari «navbatdagi Ukraina» roli uchun Moldovani ko‘rib chiqmoqda. Kishinyov vazirning «tahdidli ritorikasini» qoralab, «Moldova o‘z kelajagini tanladi va bu kelajak erkin dunyoning bir qismi bo‘lishini» ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting