The Bell nashri tahliliga ko‘ra, 2023-yilning birinchi olti oyida Rossiya qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan tovarlar importini 5,2 milliard dollarga yoki 37 foizga oshirdi. Ehtimol, Rossiya rasmiylari shu yo‘sinda G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tmoqda, deb yozadi nashr.

  • Jurnalistlar Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekistondan Rossiyaga eksport bo‘yicha ma’lumotlarni davlat statistikasi va BMT xalqaro savdo statistikasi ma’lumotlar bazalaridan (UN Comtrade) foydalangan holda o‘rganib chiqdi.
  • Nashr Yevropa eksporti haqidagi ma’lumotlarni Yevropaning rasmiy statistika agentligi — Yevrostatdan oldi. Rossiya o‘tgan yilning boshida bojxona statistikasiga kirishni cheklagan edi.

Nashrning qayd etishicha, Rossiya importining o‘sishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari mintaqaga tovarlar yetkazib berishni ko‘paytirgan bir vaqtda yuz berdi. 2022-yilda Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga qo‘shni davlatlarga umumiy eksport hajmi 24 foizga oshib, 130 milliard dollarni tashkil etgan. 2023-yilning olti oyi davomida bu ko‘rsatkich 75,8 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga ko‘pdir, deb yozadi The Bell.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Turkiyadan Rossiyaga eksport 2021-yildagi 17,4 milliard dollardan 2022-yilda 25,8 milliard dollarga (o‘sish 33 foiz) oshdi.

Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga qo‘shni davlatlar 2022-yilda Yevropa Ittifoqidan ma’lum bir turdagi tovarlar importini sezilarli darajada oshirdi. Ular orasida telekommunikatsiya uskunalari, mikroelektronika, elektr jihozlari, transport uskunalari, kompyuterlar, serverlar, qattiq disklar va smartfonlar bor. G‘arb davlatlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan keyin ushbu tovarlarni Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni taqiqladi.

Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga mikroelektronika eksporti 248 foizga, transport uskunalari 276 foizga, ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari 68 foizga, telekommunikatsiya uskunalari 66 foizga, elektr jihozlari 39 foizga oshgan.

RBK avvalroq MDHning qator davlatlari sanksiyalar fonida Rossiyaga mahsulot yetkazib berishni oshirganini yozgandi. Keyin nashr ushbu mamlakatlarning savdo statistikasi va UN Comtrade ma’lumotlarini o‘rgandi.

Mart oyida Bloomberg Yevropa Ittifoqi ilg‘or Yevropa texnologiyalari va Rossiya Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlar importini keskin oshirgan davlatlarga murojaat qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Gap Turkiya, BAA hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari haqida ketgan.

Iyun oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini qabul qilgan, unda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish muammosini hal qilish uchun paketga yangi mexanizmlarni kiritgan. Bu sanksiyaga uchragan tovarlar va texnologiyalar Rossiya bozoriga kiradigan uchinchi davlatlarga nisbatan cheklovlarni joriy etishga imkon beradi.