Yevroparlament O‘zbekistonni Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinini qoralashga chaqirdi. Bu haqda yevropalik deputatlar tomonidan 4-oktabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston bo‘yicha rezolyutsiyada aytilgan (“Gazeta.uz” rezolyutsiya haqida batafsil yozgan).

Yevroparlamentning qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi va uning oqibatlari O‘zbekiston va Rossiya bilan an’anaviy yaqin munosabatlarni saqlab kelayotgan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun ham muammo, ham imkoniyatlar yaratadi.

“[Yevropa parlamenti] O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainaga harbiy aralashuvini qoralamaganidan afsusda va rasmiylarni buni xalqaro hamjamiyat talablariga muvofiq qilishga chaqiradi”, — deyiladi rezolyutsiyada.

Yevropa Ittifoqining qonun chiqaruvchi va vakillik organi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning 2022-yil 17-mart kuni Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olgan holda, Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni so‘ragan bayonotini olqishladi. O‘shanda TIV sobiq rahbari O‘zbekiston Donetsk va Lugansk respublikalarining mustaqilligini tan olmasligini aytgandi.

“Yevroparlament O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining Ukraina bo‘yicha, xususan, 2022-yil 2-martdagi (o‘sha paytda O‘zbekiston ishtirok etmagan), 2022-yil 24-mart va 2023-yil 23-fevraldagi Rossiyaning hujumini to‘xtatish va qo‘shinlarni Ukrainadan zudlik bilan olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolganidan afsusda.

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaning 2022-yil 7-aprelda BMT Inson huquqlari kengashidan chiqarilishiga qarshi chiqqani va Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok etganidan afsusda.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston siyosiy rahbariyatining Rossiya va Belarusga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini qayd etib, rasmiylar ushbu majburiyatga amal qilishiga umid bildirdi.

Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-roundi Markaziy Osiyo orqali sanksiyalardan qochishga qarshi kurashishga qaratilganligini ta’minlashi kerak. Qayd etilishicha, o‘tgan yildan beri mintaqa davlatlari va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining keskin oshgani “Rossiya va Belarusga sanksiyalangan tovarlar va texnologiyalarni qayta jo‘natish punktiga aylanishi mumkinligidan dalolat beradi”.

Yevroparlament O‘zbekiston hukumati va xalqi Ukrainaga oziq-ovqat va tibbiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirganini olqishlaydi va ularni Ukrainaga yordam ko‘rsatishni davom ettirishga taklif qiladi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi organi O‘zbekiston turli siyosiy sabablarga ko‘ra Rossiyani safarbarlik va shaxsiy erkinliklarning bo‘g‘ilishi fonida tark etgan ko‘plab Rossiya fuqarolarini qabul qilganini ham olqishlaydi.

Yevroparlament deputatlari barqaror sheriklik sharoitida Yevropa Ittifoqining energiya diversifikatsiyasidagi O‘zbekiston tabiiy resurslari salohiyatini e’tiborga oldilar va shu bilan birga O‘zbekistonning tarmoq islohotlarini moliyalashtirish, energiya samaradorligini oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishda YeIning hal qiluvchi rolini e’tirof etdilar.

Yevroparlament Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi va ikki tomonlama maslahatlashuvlar asosida har ikki tomon o‘z energiya va ekologik xavfsizligini yaxshilashga intiladi, deb hisoblaydi.

“Shu munosabat bilan [Yevropa parlamenti] Rossiya davlat kompaniyalari va O‘zbekistonning gaz sektoridan foyda ko‘rayotgan rossiyalik siyosiy insayderlarga berilgan imtiyozlardan hamda Rossiyaning gaz yetkazib berish orqali siyosiy ustunlikka erishishga urinishlaridan afsusda”, — deyiladi rezolyutsiyada.

“Gazeta.uz” Yevroparlament O‘zbekiston bo‘yicha rezolyutsiyani qanday qabul qilgani, unda mamlakatning yutuq va muammolari hamda Yevropa Ittifoqi tavsiyalari keltirilgani haqida batafsil ma’lumot bergandi. “Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun yaxshi kuch bo‘lishda davom etadi… Shu bilan birga, biz ham do‘stlar kabi kamchiliklar haqida ochiq gapiramiz”, — dedi Yevroparlament deputatlaridan biri debatda.