O‘zbekiston deputatlari Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Delyaginning bayonoti va ayblovlariga munosabat bildirdi.

O‘zi nima bo‘ldi?

19-oktabr kuni “TASS”ning xabar berishicha, O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining Yoshlar siyosati departamenti rahbari Qahramon Quranboyev Rossiya Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda o‘zbek diasporasi vakillari hisobidan O‘zbekistondan kelgan mehnat migrantlari bolalari uchun xususiy bolalar bog‘chalari va maktablar ochishga ko‘maklashishni so‘ragan. Ularda o‘qitish Rossiya qonunchiligiga muvofiq dastur asosida tashkil etilishi keltirilgan.

Shuningdek, u Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston yoshlari uchun migratsiya tartib-taomillarini soddalashtirish masalasini qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Davlat dumasi deputati Mixail Delyagin “Govorit Moskva” radiostansiyasi bilan suhbatda “bu tashabbus noqonuniy” deb ta’kidladi.

“O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Rossiya Konstitutsiyasi haqida hech narsa eshitmagan bo‘lsa kerak, odamlarni millatiga ko‘ra kamsitish taqiqlangan. Faqat migrant bolalar uchun maktablar ochish Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan kamsitish ekani aniq. Bu tojik diasporasi faqat tojiklarga xizmat ko‘rsatadigan tojik tibbiyot markazlarini ochish haqida so‘raganda nimani nazarda tutgan bo‘lsa, shu kabidir”, — dedi u.

Deputat buni “Rossiyani yemirish va yo‘q qilish uchun avval begona, keyin dushman anklavlarni yaratishga qaratilgan ongli siyosat” deb atadi.

“Menimcha, O‘zbekiston, albatta, bolalar bog‘chalari va maktablarni qurishi kerak, lekin faqat o‘z hududida. Va Rossiyaga siqib chiqargan fuqarolarini vataniga qaytarib olib ketish kerak. Chunki, aytaylik, Tojikiston aholisining uchdan biridan ko‘prog‘i Rossiyada yashaydi. Bu holat Tojikiston uchun ham, Rossiya uchun ham mutlaqo normal emas”, — degan deputat.

“Bu Rossiya bilan munosabatlarda hushyorlikka da’vat etadi”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov bunga javoban o‘z fuqarolari haqida qayg‘urayotgan har qanday davlat ularga zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqishlari odatiy hol ekanini ta’kidladi.

Foto: Qonunchilik palatasiFoto: Qonunchilik palatasi

“Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, tabiiyki, halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlamoqdalar, Rossiya ularni tekinga boqmayapti. Bu borada ularning aksariyati yoshlarni tashkil etgan holda o‘zlarining ayni kuchga to‘lgan davrlarida Rossiya iqtisodi uchun xizmat qilmoqdalar”, — dedi u.

Uning fikricha, rossiyalik deputatning ittifoqchi davlatga nisbatan bunday jiddiy ayblovlar ilgari surgani “Rossiya bilan munosabatlarda hushyorlikka da’vat etadi”.

Bobur Bekmurodov so‘zida davom etdi: “O‘rtoq Delyagin Mixail, agar siz aytgandek Rossiya Federatsiyasi kabi katta mamlakatni mehnat migrantlari „parchalay“ olsa, oldingizda davlatchilikni mustahkamlash bilan bog‘liq boshqa muhimroq vazifalar turibdi. Mixail, bizda erkin OAV bor, Duma deputatlari aytayotgan fikrlar O‘zbekiston jamoatchiligiga yetib boradi va, shubhasiz, mamlakatingizga nisbatan salbiy fikrni shakllantiradi. Davom eting”.

Foto: “Milliy tiklanish”.Foto: “Milliy tiklanish”.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov, o‘z navbatida, “Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat Delyagincha bo‘lsa, O‘zbekistonda rus tiliga munosabat mutanosib bo‘lishi kerak”, deya ta’kidladi.

“Rossiya maktablarida o‘zbek tilini o‘rgatish rus millatini kamsitish hisoblanadiyu, O‘zbekiston maktablarida rus tilida ta’lim berilayotgani o‘zbeklarni kamsitish hisoblanmaydimi?” — so‘radi u.

sentabr oyida rossiyalik deputat Yevgeniy Fyodorov sobiq ittifoq respublikalari SSSRdan noqonuniy ravishda ajralib chiqqani va shuning uchun Rossiyaning hududiy manfaatlari buzilgani sababli ular bilan urishishga majbur bo‘lishini aytgandi. Bunga javoban O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari kinoyali javob qaytarib, “Yana bir xayolparast” deb atagan.