Rossiya Davlat Dumasi Armaniston fuqarolarining milliy haydovchilik guvohnomalarini ularning Rossiyadagi mehnat va tadbirkorlik faoliyati uchun tan olish bo‘yicha qonun loyihasini qabul qilishni noma’lum muddatga kechiktirdi, deya xabar bermoqda RBK.

Qonun loyihasini ko‘rib chiqishni to‘xtatib qo‘yishni taklif qilgan parlamentning Transport masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yevgeniy Moskvichev bu “hozirda Rossiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi” deya ta’kidlagan.

Duma spikeri Vyacheslav Volodin esa bu orqali armanistonliklar qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘lishini, ammo Armaniston rasmiylari “rus tili maqomini mustahkamlash bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmayotganini” qayd etib o‘tgan. Moskva Rossiya hududida boshqa davlatlarning milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanishga ruxsat berish-bermaslikni shu mezondan kelib chiqqan holda aniqlaydi, deb tushuntirgan u.

Rus tilining maqomi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bunday imkoniyatga ega, deya qo‘shimcha qilgan nashr.

Armaniston haydovchilik guvohnomalari bo‘yicha qonun loyihasi Davlat Dumasi tomonidan 2022-yil iyun oyida birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Avvalroq Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzolagan edi. Mazkur sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilinayotgani sababli hibsga olishga order bergan.

Armaniston hukumati Rim statutini ratifikatsiya qilish zaruratini Xalqaro jinoiy sud Ozarbayjon rahbariyatini Tog‘li Qorabog‘dagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishi mumkinligi bilan izohlagan edi.