6-oktabr kuni O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida neft yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali yetkazib to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

“Interfaks” nashrning yozishicha, O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Rossiya transport vaziri Vitaliy Savelev neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov ham neft yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitimni imzolagan.

“Neft mahsulotlari uchun bu uzluksiz etkazib berishni ta’minlaydigan kelishuv bo‘ladi, neft mahsulotlarini bitta kompaniya yetkazib beradi. Ikkinchi kelishuv — neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali yetkazib berish bo‘yicha. Kompaniyalar temir yo‘l orqali yetkazib berishda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerak”, — deya aniqlik kiritdi Shulginov.

Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlariga ko‘ra, tomonlar energetika xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni o‘zaro uzoq muddatli manfaatlarga javob beradigan deb bilishi ta’kidlandi. Shu maqsadda neft-gaz sanoatida tabiiy gaz va neftni, shu jumladan birgalikda o‘zlashtiriladigan konlardan tashish bo‘yicha yangi infratuzilma obyektlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yangi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya sanoatini rivojlantirish davom ettiriladi.

Tomonlar, shuningdek, Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish sohasida erishilgan kelishuvlarni qayd etdi.

Aprel oyi oxirida O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazpromneft” bilan 2023-yilda 300 ming tonna neft importi bo‘yicha kelishuvga erishgan.

2023-yilda O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshgan. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etgan. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelgan.