27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiya banki asosiy stavkani birdaniga ikki foiz punktga — 13 foizdan 15 foizga oshirdi. Regulyator bu qarorni proinflyatsion bosimning kuchayishi bilan izohladi.

“Joriy inflyatsiya bosimi sezilarli darajada oshdi va Rossiya banki kutganidan yuqori”, — deyiladi regulyator bayonotida.

Asosiy stavkani oshirish sabablari orasida RF Markaziy banki “mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan tobora ortib borayotgan ichki talabning o‘sishi” hamda “kreditlashning yuqori o‘sish sur’atlari”ni ham ta’kidladi.

Bu 2023-yil iyulidan beri asosiy stavkaning ketma-ket to‘rtinchi o‘sishidir. Iyulda Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 8,5% ga oshirgandi. Avgust oyida rublning pasayishi va inflyatsiya bosimining oshishi fonida bu ko‘rsatkich 12 foizga, sentabrda esa 13 foizga ko‘tarildi.

The Bell nashri iqtibos keltirgan moliyaviy tahlilchilar va iqtisodchilar asosiy stavkaning oshishi yaqin oylarda rublning dollarga nisbatan kursini barqarorlashtirishini kutishmoqda. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank qaroriga rubl o‘rtacha o‘sish bilan javob bergan: o‘sha paytda dollar 92,7, yevro esa 97,8 rubl atrofida bo‘lgan.

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyatorning ta’kidlashicha, joriy inflyatsiya va asosiy savdo hamkorlaridagi valyuta kurslari bilan bog‘liq vaziyat “so‘mning real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishiga bosimni kuchaytirmoqda”.