O‘zbekiston Rossiyadan 300 million kub metrga yaqin gaz import qilgan. Bu haqda Samarqandda o‘tgan Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.

O‘zbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida respublikadagi “moviy yoqilg‘i” taqchilligining bir qismini qoplash uchun Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazishni boshladi. Gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, xarid hajmi kuniga 9 million kub metrni tashkil etadi — yiliga taxminan 2,8 milliard kubometr.

Ammo, ko‘rinib turganidek, yetkazib berish tez sur’atlar bilan davom etmoqda — tasdiqlangan yetkazib berish hajmi bo‘yicha (kuniga 9 million kubometr) 300 million kubometr gazni yetkazish uchun 33 kun (yoki 10-noyabr) talab etilardi.

Energetika vazirligi rahbari yana Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi, shuningdek, mamlakatning joriy va kelgusi yil uchun Xitoyga gaz eksporti hajmi bo‘yicha prognozlarini ham ma’lum qilmadi.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning bildirishicha, joriy yilda O‘zbekiston 1 million tonna neft va neft mahsulotlari import qilgan, bu 2022-yilga nisbatan biroz ko‘p. Kelgusida mamlakat o‘sib borayotgan iqtisodiyot ehtiyojlarini qondirish uchun neft importini oshirishni rejalashtirmoqda.

“Ha, biz buni yaqinda [Rossiyaga] tashrifimiz doirasida imzolaganmiz. Hajmlar yo‘q, eng muhim tamoyil — yetkazib berish masalasi. Asosiysi, yetkazib berishda hech qanday cheklovlar yo‘q”, — deya izoh berdi u Rossiya bilan neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo shartnoma imzolanishiga.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston qiymat jihatidan eksportga nisbatan ko‘proq gaz import qilgan (411,7 million dollar va 487,9 million dollar). Birgina sentabr oyida Turkmanistondan 286,1 million dollarlik gaz yetkazib berildi, bu avvalgi sakkiz oyga nisbatan 40 foizga ko‘pdir.