Rossiya kelgusi hafta benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda manbalariga tayanib Reuters agentligi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumati yonilg‘i ishlab chiqaruvchilarni cheklovlar olib tashlanishi haqida xabardor qilgan. Suhbatdoshlardan biri taqiq 13-noyabrda bekor qilinishini aytgan bo‘lsa, ikkinchisi cheklovlarni bekor qilish qarori 19-noyabrgacha qabul qilinishini bildirgan.

8-noyabr kuni Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov hukumat Ai-95`gacha bo‘lgan benzinning barcha markalari eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qildi.

21-sentabr kuni dizel yonilg‘isi va benzin eksportiga taqiq joriy qilingandi. Eksport taqiqi yonilg‘i inqirozini to‘xtatish uchun kiritilgan. 6-oktabrda hukumat cheklovlarning bir qismini olib tashlagan, bu esa dizel yonilg‘isini eksport qilishga ruxsat bergan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq Rossiya tomonidan benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini va davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilganini bildirgan. Yil boshida O‘zbekistonga benzin importining aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Tarmoqlarda yozishlaricha, Toshkentda Ai-95 sotiladigan yonilg‘i quyish shoxobchalarini topishdagi muammolar tufayli aholi yonilg‘i quyish uchun Qozog‘istonga bormoqda, u yerda benzin va gaz O‘zbekistonnikidan 2 baravar arzonroq.

Rossiyaning “Lukoyl” yonilg‘i quyish shoxobchasida Ai-95 narxi 14,5 ming so‘mdan 18,5 ming so‘mga oshgan. Ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida Belarusdan keltirilgan Ai-95 benzin paydo bo‘lgan.

Benzin markalari narxlarining oshishi neft narxining 3,5 oy ichida birinchi marta 80 dollardan tushishi fonida sodir bo‘lmoqda.