Moskva Tergov qo‘mitasi Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyolik fuqarolarga nisbatan harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlik bo‘yicha 22 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Rossiya Qurolli kuchlari safiga 80 dan ortiq kishi harbiy xizmatga jo‘natildi, deya xabar bermoqda qo‘mitaning Telegram-kanali.

Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, Moskva harbiy komissarlari bilan birgalikda “harbiy xizmatdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida” chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlari o‘rganilmoqda. Ushbu ishning bir qismi sifatida, qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, “bo‘yin tovlovchilar tomonidan Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olishning qonuniyligi tekshiriladi”.

Tergov qo‘mitasi qonunga ko‘ra, agar shaxs “harbiy va muqobil davlat xizmatidan bo‘yin tovlagan bo‘lsa” Rossiya fuqaroligi tugatilishi haqida ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiya pasportini olgan migrantlarga Ukrainadagi urushda qatnashishni taklif qilish, rad etganlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifini bildirgandi. Avgustdan buyon Rossiyada “yangi” fuqarolarga qarshi reydlar o‘tkazilib, voyenkomatlarga olib ketilib, chaqiruv qog‘ozlari berilmoqda.