Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalariga qadar gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik sohasidagi majburiyatlarni belgilashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida “Gazprom” kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller ma’lum qildi.

“Biz Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘izistondagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik gorizontini belgilab oldik — 15 yil… Joriy forumimiz maydonchasida bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar, muzokaralar 2024-yilning o‘rtalariga qadar Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan 15 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning qonuniy kuchga ega bo‘lgan shartnomaviy asoslarini yaratish maqsadida memorandumlar imzolashdan iborat”, — dedi u.

Millerning so‘zlariga ko‘ra, “Gazprom” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan barcha mumkin bo‘lgan sohalar, jumladan, neft sanoati va gazni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik doirasini kengaytirmoqda.

Kompaniya “Markaziy Osiyo — Markaz” (MOM) magistral gaz quvuri tizimidan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi boshqa gaz quvurlari tizimlaridan, shuningdek, ushbu mamlakatlarga gaz yetkazib berishda ham tranzit uchun ham yangi yo‘nalishlardan foydalanishga tayyor.

U Rossiyadan O‘zbekistonga teskari MOM orqali gaz yetkazib berish boshlanganini eslatib, “gap Rossiya gazini yetkazib berishni yanada kengaytirish, Qozog‘istonda gaz quvurlari tizimi orqali gaz tashish quvvatlarini kengaytirish haqida ketayotganini” ta’kidladi.

“Ammo shuni ta’kidlashni istardimki, bu nafaqat tranzit salohiyatiga taalluqli, balki biz o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan tranzit salohiyati haqida ham gapiryapmiz, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya gazini ushbu mamlakatlar iste’molchilariga yetkazib berishga ham taalluqlidir”, — dedi Miller.

“Rossiya va Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun ham dolzarb bo‘lgan bir qancha mavzular, xususan, gazlashtirish masalasi ko‘tarildi. Va endi biz o‘zimizga savol beramiz: ushbu mamlakatlarda gazlashtirishning bir qismi sifatida hamkorlik qila olamizmi? 2014-yildan buyon Qirg‘izistonda mavjud bo‘lgan bu imkoniyatlar O‘zbekistonga qo‘shimcha hajmda yetkazib berishni anglatadi, lekin Qozog‘iston bilan ham juda uzoq chegaramiz bor. MOM tizimi esa gaz tashish koridorlaridan faqat bittasi. Shuningdek, Buxoro-Ural gaz quvuri ham bor, u ham O‘zbekiston hududiga boradi”, — dedi “Gazprom” rahbari.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, mamlakat Rossiya bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Uning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston tomoni “Gazprom” va Qozog‘iston mutaxassislari bilan gaz bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish ishlarini olib bormoqda.

“Ikki yarim oy — qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi, ammo ta’minotni yanada oshirish uchun biz yanada ko‘proq ishlashimiz kerak. Shuning uchun bu yo‘nalishda uzoq muddatli hamkorlikka e’tibor qaratmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida respublikadagi “moviy yoqilg‘i” taqchilligining bir qismini qoplash uchun Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazishni boshladi. Ikki yillik shartnoma yiliga 2,8 mlrd kub metr gaz yetkazishni nazarda tutadi.